Rossiya O‘zbekistonda Qoraqalpog‘istondagi iyul voqealari va Qozog‘istondagi yanvar voqealarini G‘arbning «rangli inqiloblar» orqali demokratiyani targ‘ib qilishga bo‘lgan urinishlari sifatida baholaydi, dedi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev juma kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishida, deb xabar berdi TASS.

«Rangli inqiloblar hamon amerikacha demokratiya deb atalmish tuzumni targ‘ib qilishning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda, g‘arbliklarning bizning mamlakatlarda ularni gijgijlash urinishlari muntazam ravishda kuzatilmoqda. Masalan, 2020 yilda Belarusda, 2022 yil yanvarida Qozog‘istonda va iyul oyida O‘zbekistondagi Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni biz shunday baholaymiz», — dedi u.

Xavfsizlik Kengashi kotibining so‘zlariga ko‘ra, «bunday sharoitda davlatlar — SHHT a’zolarining bo‘linmaslik tamoyili asosida xavfsizlikni mustahkamlash, mamlakatlarimiz farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlik va teng huquqlilikni ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar hech qachon hozirgichalik zarur bo‘lmagan».

Eslatib o‘tamiz, SHHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida terrorizm va ekstremizm, narkotik va qurol-yarog‘ savdosi hamda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyatlarga birgalikda qarshi kurashish vazifalari muhokama qilindi.

Avvalroq Nikolay Patrushev O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya «G‘arb davlatlari va birinchi navbatda AQShning MDH makonida keskinlik o‘choqlarini yaratish istagi»dan xavotirda ekanini ma’lum qilgandi.