Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryoning Sardoba tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.Sh. boshqa bir fuqaro H.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi departament xabarida.

Xuddi shunga o‘xshash holat Buxoro viloyati Olot tumanda ham aniqlangan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqarolar N.H. va S.B. fuqaro Z.ning qizini 800 dollar evaziga Buxoro tibbiyot texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yishga kelishib, shundan 400 dollarini olgan vaqtda tekshiruvchilar tomonidan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, ushbu fuqarolar Z.ning to‘ng‘ich qizini ham texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSh dollarini olganligi aniqlanib, 200 AQSh dollarini qaytarganliklari protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.