O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 17 avgust kuni Kobuldagi masjidda yuz bergan portlash munosabati bilan bayonot berdi.

«Biz chuqur qayg‘u bilan 17 avgust kuni Kobuldagi masjidlardan birida shom namozi vaqtida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ko‘p sonli insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani haqidagi xabarni oldik», — deyiladi xabarda.

«Biz terrorchilik harakatini keskin qoralaymiz va ushbu vahshiy harakat tashkilotchilari va aybdorlarini aniqlash uchun barcha choralar ko‘rilishiga umid bildiramiz», — deyiladi TIV xabarida.

Tashqi siyosat idorasi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

18 avgust kuni Kobul politsiyasi Kobuldagi masjidda yuz bergan portlashda 21 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi, deb yozadi Afg‘onistonning Ariana News sayti. Politsiya matbuot kotibi Xolid Zadranning aytishicha, portlash oqibatida 33 kishi jabrlangan.