O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy komissiya va iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni tergov qilish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zosi Alisher Qodirov «Qoraqalpog‘istonda hech qanday repressiya va bosim yo‘q»ligi hamda tergov va surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

«O‘xshash mavzularda surishtiruvlar AQSh, Qozog‘iston, Shri-Lanka, Myanma kabi davlatlarda ham uzoq vaqt olib borilgan va ayrimlarida davom etmoqda, bu juda tabiiy va to‘g‘ri», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

«Qonunni buzgan inson, yer yuzini istalgan burchagida tergov qilinadi, aybi bo‘lsa jazolanadi. Aybi yo‘qlar qo‘yib yuboriladi», — deya ta’kidladi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Qoraqalpog‘istonda mingdan ortiq inson aybsiz bo‘lgani uchun emas, yaxshi niyat namoyishi sifatida qo‘yib yuborilgan. Qolgan qism bilan tergov yakunlanmadi».

«Provokatsiya qilmang, surishtiruvga xalaqit bermang», — deb yozdi u.

Avvalroq Ombudsman Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda hibsga olinganlarning advokatlariga tayanib, uchrashuvlarga to‘sqinlik qilingani va tergovda qiynoqqa solishlar bo‘lganini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.

«Gazeta.uz» iyul oxirida Nukusdan tayyorlagan reportajida hibsga olinganlar qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligi, shu jumladan, ularning ayrimlari vafot etganligi haqida yozgandi. O‘shanda Alisher Qodirov «Gazeta.uz» reportajini yolg‘on deb bayonot bergandi.

Ertasi kuni u bir guruh inson huquqlari tashkilotlari hisobotiga havolani e’lon qildi. Hisobotda 20 nafar halok bo‘lgani, 91 nafar bedarak yo‘qolgan, 315 nafar qamoqxonada va 53 nafar ozod qilinganlarning ismlari aniqlangani haqida so‘z yuritilgan. Deputat ushbu hisobotni yolg‘on va provokatsiya deb atadi.

Rasmiy ravishda halok bo‘lganlarning ism-shariflari ro‘yxati e’lon qilingani yo‘q (hukumat voqea qurbonlarining 21 nafari haqida xabar bergan).

15 avgust kuni ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligidagi Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya tergovning ikkinchi bosqichi boshlangani, bu bosqich davomida ayrim ma’lumotlar qayta tekshirilishi va yangi obyektlarda o‘rganishlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Komissiya faoliyatini yoritish uchun Telegram-kanal va Twitter akkaunti ochildi.

Voqealarni o‘rganishda xolislikka ta’sir qilmasligi uchun o‘rganish natijalari komissiyaning yakuniy xulosasi e’lon qilinmaguncha oshkor qilinmaydi, deyiladi komissiya xabarida.