Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshidagi voqealarni tergov qilish bo‘yicha parlament komissiyasiga rahbarlik qilayotgan ombudsman Feruza Eshmatovaning ofisi birinchi marta hibsga olinganlar qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.

16 avgust kuni Feruza Eshmatova Nukus voqealari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha ayblanayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilayotgan advokatlar bilan uchrashdi.

«Qoraqalpog‘istondagi voqea va holatlar bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlari haqida advokatlarning fikrlari o‘rganildi. Xususan, tergov hibsxonasida himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashish bo‘yicha to‘sqinlik qilish, ushlab turilgan shaxslarga yaqin qarindoshlari tomonidan yo‘qlovlar kiritish holatlari, tergov harakatlari davomida qiynoqqa yo‘l qo‘yish holatlari bo‘yicha himoya ostidagilar xususida ma’lumot olindi», — deyiladi ombudsman ofisining 17 avgustdagi xabarida.

Avvalroq, komissiya a’zolari namoyishlar paytida qo‘lga olingan shaxslarga himoyalanish huquqining ta’minlanganlik holatini o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasining QR hududiy boshqarmasi vakillari bilan uchrashishgandi.

Shuningdek, tergov xonalarining video kuzatuv kameralari bilan ta’minlanganligi va advokatlarning videoyozuvlarni so‘rab olish huquqidan foydalanganliklari bo‘yicha ma’lumot olindi.

Shu kunning o‘zida komissiya shtabiga kelgan 20 nafarga yaqin fuqaroning murojaatlari qabul qilindi.

«Gazeta.uz» iyul oxirida Nukusdan tayyorlagan reportajida hibsga olinganlar qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligi, shu jumladan, ularning ayrimlari vafot etganligi haqida yozgandi.

Komissiya a’zosi (O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi) Alisher Qodirov «Gazeta.uz» reportajini yolg‘on deb bayonot bergandi. Shunga qaramasdan, u bir necha bor komissiya xulosasi e’lon qilinmaguncha izoh bera olmasligini ta’kidlagandi.

17 avgust kuni u «Qoraqalpog‘istonda hech qanday repressiya va bosim yo‘q» deya aytdi. «Qoraqalpog‘istonda mingdan ortiq inson aybsiz bo‘lgani uchun emas, yaxshi niyat namoyishi sifatida qo‘yib yuborilgan. Qolgan qism bilan tergov yakunlanmadi», — deya qo‘shimcha qildi deputat.