O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifining birinchi manzili — muqaddas Madina shahriga keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.


Shahzoda Muhammad bin Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportda uni Madina mintaqasi rahbarlari kutib oldi. Qisqa suhbatdan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev musulmonlarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri — Masjidun Nabaviyga yo‘l oldi.

Davlat rahbari Madinada Masjidun Nabaviyni ziyorat qildi.


«Shavkat Mirziyoyev ushbu masjidga kelib, Hujrai saodatga tavoze bilan kirdi, Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar aytdi. Xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan ham tanishdi.


Qayd etilishicha, muzey keng qamrovli ikkita mavzuni o‘zida aks ettirgan. Birinchisi, Muhammad alayhissalomning hayot va faoliyatlari, ikkinchisi, islom madaniyati va ilm-fanining shakllanishi, uning ijtimoiy-ma’naviy hayotga ta’siri. Bular haqda ko‘rgazmali eksponatlar va vizual texnologiyalar vositasida, bir necha xorijiy tillarda ma’lumot beriladi.


Prezident muzeyni ko‘zdan kechirish asnosida saudiyalik olimlar bilan islom dini tarixi, o‘zbek va arab xalqlarini bog‘lovchi rishtalar haqida fikr almashdi.

Doktor shayx Nosir Zahroniy muzeydagi ma’lumotlar Imom Buxoriy va Imom Termiziy asarlaridan olinganini aytdi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bu ulug‘ allomalar nomi bilan ilmiy markazlar tashkil qilingani, islom madaniyati obidalari asrab-avaylanayotganini ta’kidlab, olimlarni O‘zbekistonga taklif qildi.


Davlat rahbari Madinani ziyorat qilib yurgan vatandoshlar bilan ham suhbatlashdi. Shundan so‘ng, Jidda shahriga jo‘nab ketildi.