Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Qarshidagi Qarshi Leather teri zavodi atrofida sodir bo‘layotgan vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.

Avvalroq zavoddan taralayotgan badbo‘y hiddan norozi bo‘lgan aholi zavod oldiga yig‘ilgani haqida xabar bergan edik. Fuqarolardan biri zavod rahbari unga tahdid qilayotganini aytib, o‘zini yoqib yubordi. O‘tgan yili esa zavod havo, tuproq va suvni ifloslantirayotgani haqida xabar qilingan edi.

Boshqarma yuqoridagi xabar bo‘yicha tadbirkorlik subyektini o‘rganish bo‘yicha vakolatli organlardan tegishli ruxsatnomalar olib, o‘z vakolati doirasida tezkor o‘rganishlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Davlat organi ma’lumotlariga ko‘ra, bungacha ekoinspektorlar Qarshi Leather zavodida bir necha bor tekshiruv o‘tkazgan va qator qonunbuzarliklarni aniqlagan. 2021 yil mart oyida iqtisodiy sud kompaniyadan 284 mln so‘m miqdorida majburiy kompensatsiya to‘lovlari undirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Berilgan ekologik ekspertiza xulosasi talablarining bajarilishi, ifloslantiruvchi moddalarning me’yor darajasidan yuqori chiqqani va o‘rnatilgan talablariga rioya etilmagani bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik uchun keyingi o‘rganishlarda 346 mln so‘m miqdorida ma’muriy kompensatsiya to‘lovi ham hisoblangan.

O‘rganishlar yakunida amaldagi qonunlarga to‘la rioya etish bo‘yicha bir necha bor majburiy ko‘rsatmalar berilgan. 2021 yil noyabr oyida viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan iqtisodiy sudga mazkur xorijiy korxonaning faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha to‘xtatish masalasida ariza kiritilgan.

Zavod rahbarining 2022 yil mart oyidagi viloyat ekologiya boshqarmasiga yuborgan xatida korxona Xitoy davlat investorlari tomonidan 2022 yil 1 mart kunidan noma’lum muddatga to‘xtatilgani, korxonaning suvlarini kanalizatsiya quvuriga qo‘yish bo‘yicha biror bir to‘siq va taqiqlar bo‘lsa, ular tomonidan kiritilgan investitsiya mablag‘larini olib chiqib ketish hamda korxona faoliyati butunlay to‘xtatilishi ma’lum qilingan. Shuningjek, korxonaning ish faoliyatini qayta tiklash uchun Qarshi shahar kanalizatsiya quvurining g‘arbiy nuqtasiga chiqindi oqova suvlarini quyish aytilgan.

2021 yilgi tozalashdan oldin hudud shunday ko‘rinishda bo‘lgan (chapda). Foto: Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi.

Shuningdek, 2021 yil oktabr oyida mazkur MCHJ shaklidagi xorijiy korxonadan aholi yashash maskanlariga yaqin bo‘lgan juda katta maydonga noqonuniy tashlangan chiqindi oqova suvlarini tozalash uchun viloyat hokimligi, viloyat IIB, viloyat Ekologiya boshqarmasidan ishchi guruh tuzilib, chiqindi suvlari tashlangan zovurlar katta mablag‘ hisobiga to‘liq tozalanib, ushbu zovur tuproq bilan ko‘mib tashlangan. Hozirda mazkur joylar obodonlashtirilib, hattoki futbol maydonchalari tashkil etilgan, deyiladi xabarda.

Qarshi Leather qo‘shma korxonasiga 2016 yilda Xitoy va Isroilning 6 mln dollarlik investitsiyasi bilan asos solingan. Zavod yirik shohli qoramol terisini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.