Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov Qozog‘istonning sentabr oyidan Rossiyani chetlab o‘tib, yiliga 1,5 mln tonna neft tashish niyati haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda Energetika vazirligi rahbari juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Men ham bu xabarni o‘qidim. Aslida, men neftni tashish bo‘yicha hech qanday shartnoma imzolaymiz, deb o‘ylamayman. Bunday masalalar, ehtimol, texnik jihatdan milliy kompaniyalar darajasida ko‘rib chiqiladi, muhokama qilinadi, chunki vazifa shunday. Lekin biz hali sentabr oyida neft jo‘natish bo‘yicha shartnoma imzolash haqida gapirmayapmiz. 1,5 mln tonnalik ko‘rsatkichga kelsak, bunday hajm eksport yo‘nalishi bilan bog‘liq muammomizni hal qiladi, deb o‘ylash juda kulgili», — dedi Bolat Akchulakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, KQK (Kaspiy quvurlari konsorsiumi) quvuri faoliyati to‘xtatilgan vaqtda Qozog‘iston Tengiz-Batumi temir yo‘li orqali neftni tashigan.

Shu bilan birga, vazir kompaniyalar Energetika vazirligidan mustaqil ravishda o‘z aksiyadorlari darajasida shartnomalar imzolashi mumkinligini tasdiqladi, lekin yer, qarz olish, quvurlarni qurish maydoni va boshqa masalalarni kelishib olishlari zarur.

Bolat Akchulakovning ta’kidlashicha, KQK masalasini siyosiylashtirishga hojat yo‘q, chunki u yerda yuzaga kelgan muammolar texnik xususiyatga ega. Bugungi kunning asosiy vazifasi KQK hajmlarini saqlab qolishdir, dedi u.

«Albatta, biz muqobil yo‘llar haqida o‘ylashimiz kerak, chunki 2024 yildan keyin hozirgi 85 mln tonnamizdan 100 mln tonnadan ko‘proq ishlab chiqarish kutilmoqda. Agar biz hozir Qashag‘on [koni] uchun Faza-2 bo‘yicha kelishib olsak, yana 15 mln tonna neft paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun biz ushbu hajmlarni qanday taqsimlash haqida o‘ylashimiz kerak. Hozircha bizda ko‘p imkoniyatlar yo‘q. Xitoy orqali va Kaspiy dengizi orqali yo‘nalish bor. Turkmaniston va Eron orqali potensial yo‘llar mavjud. Ammo hozircha Eron orqali o‘tish real emas, chunki bu davlat sanksiyalar ostida», — dedi Energetika vazirligi rahbari.

Keyinchalik u KQKga to‘liq muqobil yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Reuters agentligi avvalroq Qozog‘istonning «KazMunayGaz» davlat neft kompaniyasi Ozarbayjonning SOCAR davlat kompaniyasi bilan ozarbayjon neft quvurlari orqali Turkiyaning O‘rta yer dengizi bo‘yidagi Jayhan portiga yiliga 1,5 mln tonna neft yetkazib berish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borayotgani haqida xabar bergan edi.

Yakuniy shartnoma avgust oyi oxirida imzolanishi, bir oydan keyin esa Boku-Tbilisi-Jayhan (BTC) neft quvuri orqali oqim boshlanishi aytilgandi.

Iyul oyida Rossiya sudi atrof-muhitni buzganlik uchun KQKni yopish bilan tahdid qildi, natijada Qozog‘iston hukumati va yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarni ehtiyot chorasi sifatida boshqa kompaniyalar bilan shartnoma tuzishga kirishdi.

Shundan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev «KazMunayGaz»ga neft eksporti uchun Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanishni, jumladan, Tengiz loyihasi investorlarini jalb qilgan holda ishlab chiqishni topshirdi.