Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining murojaatiga asosan Qo‘qon va Farg‘ona shahridagi ikki nodavlat OTMda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.

Aniqlanishicha, «M.A.» va «V.I.» nodavlat ta’lim muassasalari rahbarlari va xodimlari fuqarolarni aldab, internet ijtimoiy tarmoqlarida muassasa kanallarini ochib, ushbu ta’lim maskanlarini bitirgach bakalavr darajasini beruvchi xalqaro diplomga ega bo‘lishlarini aytishgan.

«M.A.» ta’lim muassasasi 174 nafar fuqaroning 1,1 mlrd so‘mini, «V.I.» ta’lim muassasasi 171 nafar fuqaroning 1 mlrd so‘mini qo‘lga kiritganliklari aniqlangan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, «V.I.» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari N.A. fuqarolardan undirgan mablag‘lari hisobidan «Lada Vesta» rusumli avtotransport vositasini xarid qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.