O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarni xorijiy davlatlar hududida ko‘ngilli batalonlar tuzish va (yoki) harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi, bu harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shu kunlarda «Permdagi o‘lkasidagi o‘zbeklar Markaziy Osiyo jamiyati» tashkiloti rahbari Jahongir Jalolov O‘zbekistonda tug‘ilib, Rossiyaning ushbu hududida yashayotgan fuqarolarni Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashishga chaqirib, «o‘zbeklar shu yerda yashayotgani, ishlayotgani, ularning farzandlari esa o‘qiyotganini oqlashga majbur» ekanliklarini ta’kidlagandi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mazkur chaqiruvlarga munosabat bildirar ekan, vatandoshlardan «bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda qatnashmaslikni» so‘radi.

O‘zbekistonning RFdagi diplomatik vakolatxonasi ham O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi «Yollanish»ga ko‘ra xorijiy davlat hududidagi qurolli mojarolarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishini eslatib o‘tdi. Ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

«Elchixona O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etganligi to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ogohlantiradi.️ Elchixona yurtdoshlarimizni da’vatlarga berilmaslik va ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi», — deyiladi xabarda.