O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. U Qonunchilik palatasi tomonidan 2 martdayoq qabul qilingandi, Senat esa 28 mayda ma’qullab bergandi. Qonun oradan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Davlat rahbari hujjatga yaqinda davlat xizmati sohadagi muammolarni hal qilish 30 yilga qoldirilganini ta’kidlagan yig‘ilishdan keyin imzo chekdi. «Hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q», — degandi u. Shu bilan birga, prezident qonun ikki yil davomida «chuqur muhokamalar asosida» mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilganini aytgandi.

Qonun kimlarga qo‘llaniladi?

Davlat fuqarolik xizmati deganda «davlat xizmatining bir turi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyati tushiniladi».

Qonunning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi. U prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi a’zolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

  • Davlat fuqarolik xizmati tizimining yagonaligi va barqarorligi;
  • qonuniylik;
  • adolatlilik;
  • xalqqa xizmat qilish;
  • davlat organlarining va mansabdor shaxslarining jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’ulligi;
  • inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  • ochiqlik va shaffoflik;
  • xolislik, professionallik va kompetentlik;
  • davlat fuqarolik xizmatiga kirishda O‘zbekiston fuqarolarining teng huquqliligi;
  • davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi.

Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilanmoqda. U o‘z vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy ko‘rsatkichlar) tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi.

Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam ko‘rsatadi.

Maqom, huquq, majburiyatlar va cheklovlar

O‘zbekiston fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisi (DFX) huquqiy maqomiga ega bo‘ladi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yo‘qotadi. DFX lavozimlarining siyosiy guruhiga taalluqli davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha huquqlar, majburiyatlar va cheklovlar alohida qonunchilik bilan belgilanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘ziga xos xususiyati va murakkabligiga, bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ish haqi olish;
  • kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun rag‘batlantirish;
  • davlat organining mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan muntazam ravishda malakasini oshirib borish;
  • mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish;
  • o‘z mansab vakolatlarini, xizmat majburiyatlarini va javobgarligini belgilovchi lavozim yo‘riqnomasi va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
  • mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq bo‘lgan ish o‘rniga ega bo‘lish;
  • davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish;
  • DFXdagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar bergan taqdirda davlat himoyasi bilan ta’minlanish;
  • o‘zining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat organining rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar tomonidan hurmat qilinishi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi quyidagilarga majbur:

  • Konstitutsiyaga va boshqa hujjatlarga rioya qilish;
  • o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, davlat organi tomonidan belgilangan odob-ahloq qoidalariga, xizmatga oid axborot bilan ishlash tartibiga, shuningdek davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq boshqa qoidalarga rioya etishga;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishga;
  • davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan yuajarishga shubg‘a tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan (harakatsizlikdan), shu jumladan o‘z xizmat majburiyatlarini bajarayotganda har qanday shakldagi kamsitishdan, noxolislikdan yoki kimgadir nisbatan alohida munosabatda bo‘lishdan tiyilishga;
  • o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi, shuningdek o‘z xizmat faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolarning faoliyatiga qonunga xilof ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan ko‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi. shuningdek, o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida olingan mazkur ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, shu jumladan davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugaganidan keyin oshkor etmaslikka;
  • qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishga;
  • davlat mulkining but saqlanishini ta’minlashi, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishga;
  • o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishga.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar ham o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, DFX quyidagilarga haqli emas:

  • o‘zaro yaqin qarindoshlikka yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat oranida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘ladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, O‘zbekiston qonunlarida hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
  • tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish;
  • tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga, bundan AJlarning erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno;
  • o‘zi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega bo‘lgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga;
  • o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
  • chet davlat fuqaroligini olishga;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqei bilan bog‘liq holda foydalanishga;
  • O‘zbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno;
  • o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalari va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs davlat xizmatiga qabul qilingandan keyin tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

DFX shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan pullik faoliyat turlarining ro‘yxati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari va davlat fuqarolik xizmati tomonidan belgilanadi.

Belgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik DFXni intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asosdir.

Qonun davlat fuqarolik xizmatchisining javobgarligini belgilaydi. DFXning noqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shuningdek xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi qonunga muvofiq davobgarlikka sabab bo‘ladi.

DFXning harakatlari (harakatsizligi) o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘ldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs bunday harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

DFXning qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanib, ushbu zarar keyinchalik aybdor bo‘lgan DFXdan undirib olinadi.

Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarining qonunga xilof topshirig‘ini bajarish natijasida DFX tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbaridan yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash

Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Ular qatoriga DFX axlokiy xulk-atvor qoidalariga rioya qilish, DFX manfaatlar to‘qnashuvining oldi olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatlari uchun sovg‘alar olish va taqdim etish tartibini belgilash, DFX ijtimoiy himoyasi, moddiy ta’minoti va rag‘batlantirishni ta’minlash kiradi.

«Davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi va korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarning (harakatsizlikning) oldini olishi shart», — deya talab qo‘yilgan qonunda.

Agar DFX korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi, shu jumladan yuqori turuvchi davlat organini (mansabdor shaxsini) yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak. Korrupsiya haqida xabar bergan DFX davlat himoyasida bo‘ladi.

Davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari qonun bilan belgilab qo‘yilmoqda. Qoidalarga asoslanib, har bir davlat organi faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda axloqiy xulq-atvorning ichki qoidalarini tasdiqlaydi. Ularda quyidagilar bo‘lishi kerak:

  • rahbarlar, bo‘ysunuvdagilar va boshqa davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasidagi o‘zaro ahloqiy munosabatlar;
  • DFXning ishchanlik obro‘siga va davlat fuqarolik xizmatining nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar (harakatsizlik);
  • DFXning xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqaridagi xulq-atvorining asosiy qoidalari.

DFXning odob-ahloq qoidalarini buzish ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Hujjatda shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida sovg‘alarga nisbatan munosabatda bo‘lish shartlari qayd etilgan. DFXga (uning oila a’zolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulk yoki DFXga (uning oila a’zolariga) beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat sovg‘a deb hisoblanadi.

«Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovg‘alar, shuningdek, musabaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar mustasno», — deyiladi qonunda.

DFX fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘alar olishi mumkin.

DFX tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Qonunga asosan manfaatlar to‘qnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yohud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi organ ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilanadi.

Bundan tashqari, qonunda DFX belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shart.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. DFX lavozimlarining davlat reyestri, shuningdek, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

DFX lavozimlarining davlat reyestri organ darajasidan (milliy, respublika, hududiy va tuman) kelib chiqqan holda, malaka talablariga muvofiq birxillashtirilgan va tasniflangan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining guruhlari hamda toifalaridan, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining malaka darajalaridan iborat bo‘ladi.