Chennay (Hindiston) shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida har bir doskaning eng yaxshi o‘yinchilariga beriladigan individual sovrinlar sohiblari ham ma’lum bo‘ldi.

Olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar turnirdagi natijalari tufayli shaxsiy ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. Turnir reytingi (ko‘rsatkichi) maxsus jadvallar bo‘yicha raqiblarning o‘rtacha reytingi va natijasiga ko‘ra, dastlabki reytingni belgilash tartibiga o‘xshash tarzda aniqlanadi. Agar o‘yinchining ushbu turnirdagi ko‘rsatkichi amaldagi reytingidan yuqori bo‘lsa, bu o‘yinchi o‘z reytingini oshiradi, pastroq bo‘lsa, uni tushiradi. Xalqaro shaxmat federatsiyasining shaxmat reytingi har oy yangilanadi va Elo reyting tizimining hisoblash usuliga asoslanadi.

To‘rtinchi doskada 27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) 8 uchrashuv o‘tkazib, 5 tasida g‘alaba qozondi, shu jumladan, Niderlandiya bilan hal qiluvchi o‘yinda ham, va u uch bor mag‘lubiyatsiz durang qayd etdi (8 o‘yinda 6,5 ochko). Uning ko‘rsatkichlari 2813 ga yetdi, buning uchun u oltin medal bilan taqdirlandi.

FIDE reytingining navbatdagi yangilanishida uning ko‘rsatkichi 19,5 punktga ko‘tarilib, 2583 taga yetishi kutilmoqda.

Ikkinchi o‘rinni litvalik 20 yoshli Paulyus Pultinevichyus (2539), uchinchi o‘rinni ispaniyalik 26 yoshli Xayme Santos Latasa (2675) egalladi.

Birinchi doskada 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov 11 tur davomida sakkizta g‘alabaga erishdi, jumladan, 10-turda Hindiston-2 jamoasi a’zosi Gukesh Dommarajuga qarshi o‘yinda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi, uch marta durang o‘ynadi va bir marta mag‘lub bo‘ldi (8,5/11). O‘zbekistonlik shaxmatchi 2688 reyting bilan 2803 ball ko‘rsatkich qayd etdi. Buning evaziga u kumush medalni qo‘lga kiritdi. FIDE reytingining navbatdagi yangilanishida uning ko‘rsatkichi 21 pog‘onaga — 2698 tagacha, reytingdagi o‘rni esa 41 (+23) pog‘onaga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Eng yaxshi ko‘rsatkichni (2867) Hindiston-2 jamoasidan 16 yoshli Gukesh Dommaraju (2684) qayd etdi, u 8 g‘alaba, ikki durang va bir mag‘lubiyat natijani ko‘rsatdi (9/11).

Uchinchi o‘rinni jahon chempioni 31 yoshli Magnus Karlsen (2864) egalladi, u o‘z reytingidan (2803) pastroq natija ko‘rsatdi. Shu bilan birga, norvegiyalik atigi 9 ta uchrashuv (7,5/9) o‘tkazdi va turnirning so‘nggi kunida o‘z o‘rnini jamoadoshiga topshirdi. Tarmoqda Karlsen kumush medalni qo‘lga kiritishi mumkinligi, ammo u medalni Nodirbek Abdusattorovga berishga qaror qilgani qayd etildi.

Ikkinchi doskada 20 yoshli Nodirbek Yakubbayev (2620) 11 turda beshta g‘alaba, oltita durang qayd etdi va birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi (8/11). Natijada, turnirdagi ko‘rsatkichi 2759 ga yetdi va bu unga bronza medali olib keldi.

Uning FIDE reytingi 19,8 punktga ko‘tarilib, 2639,8 ga yetishi kutilmoqda.

Birinchi o‘rinni Hindiston-2 jamoasidan 18 yoshli Nixal Sarin (2651 — 7,5/10), ikkinchi o‘rinni gretsiyalik 21 yoshli Nikolas Teodoru (2575 — 7,5/9) egalladi.

16 yoshli Javohir Sindarov (2629) o‘z reytingidan biroz yaxshiroq natija ko‘rsatdi va uchinchi doskada 9-o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi turnirdagi eng chiroyli kiyim uchun ham mukofot oldi.

Foto: Alisher Sa’dullayev.

Eslatib o‘tamiz, butunjahon shaxmat olimpiadasining final bahsida O‘zbekiston jamoasi Niderlandiya terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, turnir chempioni bo‘ldi. Ayollar termasi esa 162 jamoa orasida 31-o‘rinni egalladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilarni telefon orqali tabriklab, «tarixda juda katta iz qoldirganliklarini» ta’kidladi.