8 avgust kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida Toshkentda 101 tup daraxtga shikast yetkazilgan holat yuzasidan selektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

«Kuni kecha Toshkent shahrida ro‘y bergan va aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan daraxtlarning nobud qilinishi masalasi qattiq tanqid ostiga olindi», — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi. Qolaversa, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.

Avvalroq, 6 avgust kuni Toshkentda ko‘chani kengaytirish va «obodonlashtirish» bo‘yicha qabul qilingan navbatdagi qaror natijasida 100 ga yaqin ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazilgani haqida yozgandik. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng loyiha qayta ko‘rib chiqildi, ammo ba’zi daraxtlar qurib qolishi mumkin.

Undan so‘ng, Ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxtga, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismini shikastlanganini aniqladi. Shuningdek, yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha davlat ekoekspertizasi xulosasi ham olinmagan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, daraxtlarni ildiz tizimi jiddiy shikastlantirilganligi natijasida dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga 420 mln. 450 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisob-kitob qilindi. Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.

Jamoatchilik noroziligidan so‘ng Toshkent hokimligi Chilonzor ko‘chasi loyihasini qayta ko‘rib chiqib, yo‘laklar sonini 6 tadan 4 taga qisqartirdi. Shu bilan birga, yo‘laklarning eni kengaytirildi. «Gazeta.uz» shoshmaslik, jarayonga mutaxassislarni jalb qilishni va nihoyat, fuqarolarni tinglashni taklif qiladi.