Toshkentning Chilonzor tumanida yo‘lni kengaytirish va soyali ko‘chani «obodonlashtirish» jarayonida 101 tup ko‘p yillik daraxt shikastlangan. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent hokimligi esa avvalroq faollarning quruvchilar 99 daraxtning ildiziga zarar yetkazgani haqidagi xabarlarini rad etgan edi. Shahar ma’muriyati bayonotida aytilishicha, «qisman zarar» faqat «7 ta daraxtning ildiz tizimining yuqori qismlariga» ta’sir qilgan.

Loyihaga ko‘ra, tumanning 1-mavzesida 1,4 km uzunlikdagi yo‘l rekonstruksiya qilinmoqda. Mazkur uchastkaning 300 metrida eski sug‘orish tarmoqlari (lotoklar) demontaj qilindi, ko‘cha kengaytirildi, yo‘l sathi 1 metrga pasaytirildi.

Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida Chilonzor ko‘chasidagi mavjud jami 101 tup daraxtlarga, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismini shikastlanganligi aniqlandi.

Dastlabki o‘rganish natijasiga ko‘ra, diametri 45 — 98 smgacha bo‘lgan 7 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilganligi ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish natijasida yana 2 tup eman jami 9 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli xavf ostida.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, Chilonzor ko‘chasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida qolgan 90 dan ortiq daraxtlar o‘sishdan tuxtamaydigan darajada shikastlanganligi aniqlandi.

O‘rganish jarayonida ishtirok etgan Fanlar Akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Rusanov nomidagi «Toshkent botanika bog‘i» ilmiy xodimi tavsiyasiga binoan, ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan 9 tup eman daraxtini saqlab qolish qator agrotexnik tadbirlarni talab etadi.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, rekonstruksiya qilish jarayonida daraxtlarni ildiz tizimiga shikast yetkazilishi holatlari bilan, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunining 32, 37-moddalari talablari buzilishiga olib kelgan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, daraxtlarni ildiz tizimi jiddiy shikastlantirilganligi natijasida dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga 420 mln. 450 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisob-kitob qilindi. Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.

«Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, qurilish loyihalarni amalga oshirishdan oldin ekologik me’yoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash obyekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan», — deyiladi xabarda.

Jamoatchilik noroziligidan so‘ng Toshkent hokimligi Chilonzor ko‘chasi loyihasini qayta ko‘rib chiqib, yo‘laklar sonini 6 tadan 4 taga qisqartirdi. Shu bilan birga, yo‘laklarning eni kengaytirildi. «Gazeta.uz» shoshmaslik, jarayonga mutaxassislarni jalb qilishni va nihoyat, fuqarolarni tinglashni taklif qiladi.