«N.» MCHJ rahbari U.R. va boshqalar Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hududida velosiped va piyodalar yo‘lakchalarini qurish va ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanmoqda, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departamentning tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ular 1,1 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan. Piyodalar va velosiped yo‘lakchalarining holatini fotosuratlarda ko‘rish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Iyul oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturini tasdiqladi. Besh yil ichida mamlakatning barcha hududlarida 3100 kmdan ortiq velosiped yo‘laklari qurish rejalashtirilgan.