29 iyulga o‘tar kechasi Moskvadagi 16 qavatli uyning birinchi qavatidagi yotoqxonada yong‘in sodir bo‘ldi, oqibatda 8 kishi vafot etdi, yana 4 kishi jarohatlandi. Vafot etganlar orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor, deb xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etganlar S.N. (2003 yilda tug‘ilgan) va A.A. (1986). Agentlik ularning jasadlarini vatanga olib kelish choralarini ko‘rmoqda.

Foto: msk1.ru.

TASS xabariga ko‘ra, yong‘in haqidagi ma’lumot soat 23:47 da kelib tushgan. Yong‘in Alma-Atinskaya ko‘chasi, 7-uy, yotoqxona joylashgan birinchi qavatdagi 2-binoda 150 kv. m maydonni qamrab olgan. Yong‘in soat 00:47 da o‘chirilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxona 2019 yilning may oyida ochilgan. Uyning oxirida alohida kirish joyi bo‘lib, barcha derazalarga panjara o‘rnatilgan. «Mosgaz» AJ matbuot xizmatining xabar berishicha, bino gazlashtirilmagan.

TASS agentligining huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga ko‘ra, yotoqxonaga egalik qiluvchi kompaniya uch oy avval ochilgan. «SPARK» ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, yotoqxonaga egalik qilgan yuridik shaxs bankrotlik yoqasida bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi yong‘in sababining asosiy versiyasi sifatida elektr simlarining nosozligi ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

FVVning Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i v. b. Aleksandr Rumyansevning agentlikka ma’lum qilishicha, o‘t o‘chiruvchilarning harakatlari to‘g‘ri tashkil etilgan. Derazalarga o‘rnatilgan panjaralar, yong‘in vaqtida ishlamay qolgan signalizatsiya tizimi odamlarni qutqarib qolishga to‘sqinlik qilgan.

Foto: msk1.ru.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxonadan evakuatsiya chiqish yo‘li to‘sib qo‘yilgan. Favqulodda xizmatlar signalni yotoqxona rahbariyati o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

FVVning xabar berishicha, yotoqxonada yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan so‘nggi tekshirish iyun oyida o‘tkazilgan bo‘lib, natijada yettita qoidabuzarlik aniqlanib, yotoqxona rahbariyatiga ogohlantirish berilgan.

Yong‘in oqibatida Rossiya, Belarus va Ozarbayjon fuqarolari ham halok bo‘ldi, deb yozadi «Interfaks».

Hodisa yuzasidan RF Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-qismi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish, ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.