28 iyul kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Hindiston qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vaziri Narendra Singx bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi ITSV matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida agrar sektorda savdoni diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘lganligi, ammo hali ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirib borishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligi xususida yakdil fikrga keldilar. O‘zbekiston 6 nomdagi hind mahsulotlarini, shu jumladan banan, mango, soya va guruchni import qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini taqdim etdi. O‘z navbatida, Hindiston tomoni uzum, anor, olma, xurmo, qalampir, pomidor, bodom va tarvuz kabi o‘zbek agrosanoat mahsulotlariga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Muzokaralarda ayrim qishloq xo‘jaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari bilan bog‘lik masalalar muhokama qilindi. Jumladan, hozirgi vaqtda Hindistonning Indo Organics kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunday texnologik loyihalarni ro‘yobga chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish va erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun hamkorlikni kengaytirishda davom etishga sodiqlikni bildirdilar.

Hindiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistondan uzum, olxo‘ri va gilos bozoriga kirishni ta’minlashga qaror qilganini bildirdi. Narendra Singx, shuningdek, O‘zbekiston tomonini anor, kartoshka, papayya va bug‘doy importi uchun ruxsat olishni tezlashtirishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Jamshid Xodjayev Hindiston qishloq xo‘jaligida yaxshi tajribaga ega ekani, O‘zbekiston bu haqda bilishini, jumladan, fermerlarni qo‘llab-quvvatlashni istashini ta’kidladi. «Hindiston kabi biz ham O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining yo‘nalishini o‘zgartirmoqchimiz, buning uchun Hindistondan o‘rganmoqchimiz», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Hindiston vazirligi.

Shu munosabat bilan bosh vazir o‘rinbosari tadqiqot va ishlanmalarni O‘zbekistonga o‘tkazish iltimosi bilan Hindiston qishloq xo‘jaligi tadqiqot institutlariga murojaat qildi. U, shuningdek, Hindistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish tendensiyasi o‘sib borayotganini yuqori baholadi va Hindiston kompaniyalari bilan bir qatorda O‘zbekistonda ham xuddi shunday raqamlashtirishga chaqirdi.

ITSV rahbari, shuningdek, Hindistonning davlat tomonidan boshqariladigan Minimal qo‘llab-quvvatlash narxi (MSP) tizimini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerdan sotib olinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun hukumat tomonidan belgilangan narxni yuqori baholadi. Bu chora bozor narxi sarflangan xarajatlardan past bo‘lsa ham, har bir hosildan minimal foyda olishni kafolatlash uchun ko‘rilgan.

Muzokaralar chog‘ida yakka tartibdagi qishloq xo‘jaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari masalalari muhokama qilindi. Hozirda Hindistonning Indo Organics kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya hisobidan O‘zbekistonning Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish niyatida.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10,3 foizga o‘sdi va 490 mln dollarni tashkil etdi, shundan 461 mln dollari Hindiston eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yil boshida bo‘lib o‘tgan «Hindiston — Markaziy Osiyo» sammitida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash hamda raqamli innovatsiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qilgan edi. U Chabahor porti orqali O‘zbekiston va Hindistonni bog‘laydigan yangi yo‘lakni ishlab chiqishga kirishilganini ma’lum qilgan edi.