29 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda yuk mashinasi urib yuborgan to‘siq yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan ayolga borib tekkani aks etgan video tarqaldi.

Buxoro viloyat IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 28 iyul kuni soat 10:00 larda G‘ijduvon tumani «Degrezon» mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R48 avtomobil yo‘lining 272-kilometrida G. S. ismli shaxs Isuzu yuk mashinasida yuk avtomobillarning harakatlanishiga cheklov o‘rnatilgan temir quvur bilan jihozlangan to‘siqni urib yuborgan.

Natijada to‘siq yo‘lni kesib o‘tayotgan tumanning «Ulfatbibi» mahallasida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan R. Z.ga borib tekkan. U tuman kasalxonasida olib borilgan kechiktirib bo‘lmas tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Hozirgi kunda G‘ijduvon tumani IIB tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.