23 iyun kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi «Bo‘z Iqbol chorvasi» MCHJ rahbari N.S. ferma dalasida daraxtga osilgan holda topildi. Marhumning singlisi Nargizaxon Sattorova «Daryo»ga akasining o‘z joniga qasd qilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabablar haqida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u akasi bilan biznes-sherik bo‘lgan. U «Bo‘z Iqbol chorvasi» MCHJning maishiy texnika savdosi bo‘yicha ta’sischisi, akasi esa jamiyat rahbari sifatida ishlagan. 2021 yil noyabr oyida kompaniya maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchiga aylangan.

«Men shu ishni bekor qilibsiz, pullarini vaqtida tushirib bermaydi, dedim. U esa „yo‘q hamma to‘lovlar vaqtida bo‘larkan“, deb ishlarni boshladi. O‘zimizning fermadan yangi sut mahsulotlari, qo‘shnimizning qolipli non ishlab chiqarish sexidan non va jahon bozoridan eng yaxshi mahsulotlarni olib kelib tashkilotlarga tarqatardik. Bu ishga juda katta pul tikkan edi», — dedi u.

Nargizaxon Sattorovaning ishontirishicha, ishlagan yetti oy davomida bog‘chalar atigi uch-to‘rt oyga to‘liq pul o‘tkazgan. Shu bilan birga, MTTlar bilan ishlagan butun davr mobaynida kompaniya foyda olmagan va bolalar bog‘chalarining qarzlari ortishni boshlagan.

«Shunda bu ishni tugatishimiz kerakligini aytdim. Akam esa ta’minotchilikni birdaniga to‘xtatsak MTTlardan haqimizni ololmay qolishimizni bildirdi», — dedi u.

Ayolning aytishicha, bog‘cha mudirlari o‘z ehtiyojlari uchun do‘kondan xarid qilib, qarzlarini maktabgacha ta’lim muassasasi nomiga qo‘shib yozdirib ketgan va uni vaqtida qaytarishni istamagan.

«Akam bunday noma’qulchiliklarni hazm qilolmadi. Akam vafotigacha bo‘lgan muddatda hech bir bog‘chaga borib qarzini berishlarini so‘rab oyoq tirab olmagandi. Bundan tashqari akam Asror ismli shaxsdan 1500 dollar qarz bo‘lib qolgan. Shu yigit akamning o‘limidan bir kun avval uyga ikki marta o‘sha pulni so‘rab kelgan ekan. Yana bir yigitda esa akamning 20 ming dollar haqi bo‘lgan, u pulni bermay qochib yurgan. Bir tarafdan shu muammolar, bir tarafdan maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi holatlar akamni ancha o‘ylantirib qo‘ygan», — dedi Nargizaxon Sattorova.

Nargizaxon Sattorova Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgach, akasi o‘z joniga qasd qilishi mumkinligiga ishona olmagan, biroq, odamlar bunga yuqorida aytilgan muammolar sabab bo‘lganini aytishgan.

«O‘sha kuni 1500 dollarni oldim-u akam qarz bo‘lib qolgan yigitning uyiga olib borib berdim. Keyin MTT mudiralari oldiga borib qarzdorliklari bo‘yicha barcha hujjatlarni ko‘rsatdim. Ularning aytishicha, biz mahsulot narxlarini sun’iy ravishda oshirib olibmiz. Shuning uchun ular bu pullarni hali beri to‘lamoqchi emas ekan», — dedi marhumning singlisi.

Korxona ta’sischisining aytishicha, bog‘chalarning marhumdan 600 mln so‘mdan ortiq qarzi bo‘lgan. Mablag‘larning qaytarilishidan umidini uzgan akasi do‘konda ish to‘xtab qolmasligi uchun bankdan kredit olgan.

«Menda barcha hujjatlar bor. Bozorda go‘sht narxi 70 ming so‘m bo‘lganda MTTlarga 65 ming so‘mdan tarqatganmiz. Umuman olganda barcha mahsulotlarni juda arzon narxlarda berardik. Mana akam vafot etganiga bir oydan oshdi. Lekin biz bilan hamkorlik qilgan tashkilot mudiralarning birortasi ham xonadonimizga hamdardlik bildirish uchun kelmadi. Shu kunga qadar 30 ta maktabgacha ta’lim muassasasidan faqatgina 4 tasi qarzlarini olib kelib berdi. MTTlarning jami qarzi 600 millionga yaqin edi. Akam pullar unmagach, ta’minot to‘xtab qolmasin, deb bankdan kredit ham olgan ekan», — dedi u.

Nargizaxon Sattorova nafaqat akasining pullarini qaytarib berish, balki kelajakda shunday muammolar ortidan hech bir ta’minotchi tadbirkor o‘z joniga qasd qilmasin deb, bo‘lib o‘tgan voqea haqida omma oldida gapirishga qaror qilganini ta’kidladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot kotibi Mavlyuda Asqarxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, 13 iyul kuni ishchi guruh muammoni o‘rganib, «Bo‘z Iqbol chorvasi» va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 925,6 mln so‘mlik shartnomalar tuzilgani aniqlangan. Uning ta’kidlashicha, tuman bo‘limi barcha 925,6 mln so‘mni korxona hisobiga o‘tkazgan.

Ishchi guruh tomonidan yetkazib beruvchi korxona va maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va to‘lov munosabatlarining qonuniyligiga huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar Bo‘ston tumani prokuraturasiga yuborildi.

«Ammo, o‘rganish va tergov jarayonlari tugatilmasidan marhumning qarindoshlari tomonidan turli video murojaatlar tarqalmoqda. Hurmatli jurnalist va blogerlar, holatga huquqiy baho berilmaguniga qadar xulosa chiqarmaylik, dalillarga asoslangan ma’lumotlarni ommaga tarqatish masalasida ehtiyot bo‘laylik», — dedi MTV matbuot xizmati rahbari.

Andijon viloyati prokuraturasi har ikki holat (o‘z joniga qasd qilish va maktabgacha ta’lim muassasasi tomonidan qarzni to‘lamaslik) bo‘yicha tergov harakatlari o‘z nazoratiga olinganini ma’lum qildi.

Avvalroq, Andijon viloyatida Rash Milk kompaniyasi asoschisi Rahmiddin Mirzayev ham 46 yoshida o‘z joniga qasd qilgani aytilgandi.