2022−2023 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 27 iyul kuni yakunlandi. Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, qabul jarayonida jami 1 214 232 nafar abituriyent hujjat topshirdi.

Bu yil hujjat topshirganlarning 395 023 nafari — joriy yil bitiruvchilaridir. 819 209 nafari esa avvalgi yillar bitiruvchilari va ular test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravarida (150 ming so‘m) to‘lov qilishi kerak.

Abituriyentlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):

  • Kunduzgi ta’lim shakli — 612 530 nafar;
  • Sirtqi ta’lim shakli — 565 902 nafar;
  • Kechki ta’lim shakli — 27 417 nafar;
  • Masofaviy ta’lim shakli — 8 383 nafar.

Eng ko‘p hujjat Qashqadaryo va Samarqand viloyatidan, eng kami esa Sirdaryo viloyatidan topshirilgan.

Abituriyentlarning doimiy yashash hududi bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra:

  1. Qashqadaryo viloyatida — 140 797 nafar;
  2. Samarqand viloyatida — 133 610 nafar;
  3. Toshkent viloyatida — 116 251 nafar;
  4. Farg‘ona viloyatida — 109 938 nafar;
  5. Surxondaryo viloyatida — 106 145 nafar;
  6. Andijon viloyatida — 79 235 nafar;
  7. Namangan viloyatida — 77 607 nafar;
  8. Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 75 819 nafar;
  9. Jizzax viloyatida — 74 346 nafar;
  10. Toshkent shahrida — 68 545 nafar;
  11. Buxoro viloyatida — 67 663 nafar;
  12. Xorazm viloyatida — 64 351 nafar;
  13. Navoiy viloyatida — 54 512 nafar;
  14. Sirdaryo viloyatida — 45 413 nafar fuqaro bu yil talaba bo‘lish niyatida kirish test imtihonlarida qatnashadi.

Shuningdek, DTM test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlarga 28 iyul kuni soat 18:00 qadar to‘lovni amalga oshirishga ruxsat berdi.

Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 266 ming nafarga ko‘p, avvalgi yil abituriyentlar soni qariyb 950 ming nafarni tashkil etgandi. (2020 yilda — deyarli 1,5 mln abituriyent, 2019 yilda 1 mln 66 mingdan ko‘p).