Rossiya Afg‘oniston muvaqqat hukumatining AQShga muzlatib qo‘yilgan 7 mlrd dollarni qaytarish haqidagi talablarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Men Afg‘onistonga tegishli muzlatilgan, aslida AQSh tomonidan o‘g‘irlangan 7 mlrd dollarni so‘zsiz, hech qanday shartlarsiz qaytarishni talab qilgan [Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri] Muttaqiyni chin dildan qo‘llab-quvvatlayman. Tasavvur qiling-a, fuqarosi kuniga 1 dollardan kam daromad oladigan mamlakatda 7 mlrd dollarni o‘g‘irlash shunchaki jinoyatdir», — dedi Rossiya delegatsiyasi rahbari konferensiyada.

«Bu axir, sizlarga aytsam, Jahon banki hisobidagi muzlatilgan Afg‘oniston uchun 2,5 mlrd dollarlik insonparvarlik yordamini so‘ngra afg‘onlarga ikkiyuzlamachilik bilan bo‘laklarga bo‘lib qaytarishga taalluqli. Bu mutlaqo yomon holat», — dedi Zamir Kabulov.

«Biz Afg‘onistonni hozirgi holatga keltirgan Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va boshqa satellitlar o‘z xatolarini o‘nglash uchun o‘z hissalari qo‘shishlari kerakligidan hamda ular 20 yil davomida qo‘llab-quvvatlagan poraxo‘r qochoq qo‘g‘irchoq hukumatdan kelib chiqamiz», — deya qo‘shimcha qildi RF maxsus vakili.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning aprel holatida Afg‘oniston Markaziy banki 9,4 mlrd dollarlik zaxira aktivlariga ega bo‘lgan, bu mamlakatning yillik ishlab chiqarish hajmining uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi.

Eng katta qismi — 7 mlrd dollar — Federal zaxira tizimi (Markaziy bank vakolatlarini bajaradi) hisoblarida. Ulardan 3,1 mlrd dollari AQSh hukumati obligatsiyalariga tikilgan, 2,1 mlrd dollari Jahon bankining Maslahat xizmatlari va zaxiralarni boshqarish dasturidagi (RAMP) aktivlar, 1,2 mlrd dollari oltin va atigi 300 ming dollari naqd pul shaklida. Yana 1,3 mlrd dollar xalqaro hisoblarda saqlangan.

2021 yilning 11 sentabrida o‘tgan SHHT sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi.