Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi maktablarda yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish va oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Hujjat oliy o‘quv yurtlariga maktablarning yakuniy test sinovlari natijalariga ko‘ra, qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilish tizimini joriy etishni nazarda tutadi.

Hozirda umumta’lim fanlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini maktab, litsey va kasb-hunar kollejlarining o‘zlari o‘tkazmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab yakuniy davlat attestatsiyasi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda ta’lim tashkilotlarining san’at, madaniyat, sport va boshqa alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tartibi saqlab qolinadi.

Attestatsiyada uchta majburiy fan — ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O‘zbekiston tarixi, shuningdek, OTM ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan ikkitadan to‘rttagacha umumta’lim fanlardan test sinovi topshiriladi.

Test sinovi natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga uch yil muddatga amal qiladigan elektron milliy sertifikat berish rejalashtirilgan. Majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijalari shaxodatnoma yoki diplomga qayd etiladi.

O‘quv yili davomida ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgan va o‘quv fanlaridan qoniqarli baho olgan bitiruvchilarga test sinovi topshirishga ruxsat beriladi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bitiruvchilar shahodatnoma olishlari uchun test sinovi natijasi bo‘yicha majburiy fanlardan to‘planishi lozim bo‘lgan minimal ball belgilanadi. Minimal ball va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan hisoblanadi.

Test sinovlari har yili iyun — iyul oylarida qog‘oz (yoki elektron) shaklda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Imtihonlar Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Majburiy fandan minimal ball to‘play olmagan yoki uzrli sababga ko‘ra (kasalligi, oila a’zolarining vafot etganligini, xalqaro sport musobaqalarida, olimpiada va ko‘rik tanlovlarda ishtirok etayotganligi) test sinovida qatnasha olmagan bitiruvchilarga yakuniy davlat attestatsiyasi to‘liq yakunlanganidan ikki hafta o‘tgach ushbu fanlardan qayta test sinovini topshirish imkoni beriladi.

Agar bitiruvchilar qayta test sinovi natijalari bo‘yicha yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa, ular oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tanlovida ishtirok eta olmaydi. Hujjat loyihasiga ko‘ra, ularga ta’lim tashkilotlari tomonidan tegishli ma’lumotnoma beriladi. Ular keyingi yil yagona interaktiv xizmatlar portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Bitiruvchilar oliy ta’lim tashkilotlariga majburiy hamda mutaxassislik fanlaridan test sinovi natijalari asosida o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Loyihada qayd etilishicha, mazkur tartib xorijiy fuqarolar va prezident maktablari bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Avvalgi yillarda ta’lim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar uchun 2023 yil 1 noyabrdan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning yangi tartibi joriy etiladi.

Davlat test markazi tomonidan abituriyentlar uchta majburiy fan — ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari hamda ikkita bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos umuta’lim fanlari bo‘yicha test sinovidan o‘tishadi. Shu bilan birga, test sinovlari DTM tomonidan belgilangan muddatlarda har yili kamida uch marotaba o‘tkaziladi. Abituriyentlarga mutaxassislik fanlarini mustaqil tanlash imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, abituriyentlarga yil davomida umumta’lim fanlardan to‘lov asosida (majburiy fanlar uchun — BHMning 0,3 baravari, mutaxassislik fanlar bo‘yicha — BHMning 0,25 baravari miqdorida) sertifikat olish uchun bir necha marotaba test sinovi topshirish huquqi beriladi.

Sertifikat olish bo‘yicha «temir», «yoshlar», «ayollar» daftarlaridan biriga kiritilgan, nogironligi (I va II guruh) bo‘lgan shaxslar va davlat qaramog‘ida bo‘lgan chin yetimlarga navbatdan tashqari yiliga bir marotaba to‘lovsiz test sinovida qatnashishlari mumkin bo‘ladi.

Loyiha ishlab chiquvchilarining ta’kidlashicha, yangi tizim yakuniy davlat attestatsiyasi va oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini birlashtirish orqali maktab attestatsiyasidagi baholarning to‘g‘riligini ta’minlaydi, shuningdek, ikki marta imtihon topshirishni bekor qilish orqali budjet mablag‘larini tejaydi.

Loyiha muhokamasi 9 avgustga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda ilk bor Rossiya Yagona davlat imtihonining analogini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida 2020 yil aprel oyida xabar berilgan edi.