Prezidentning 22 iyuldagi PQ-329-sonli qarori bilan mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m)dan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, yoshlar va xotin-qizlar uchun kasb-hunar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kurslari xarajatining 70 foizi, lekin 1 mln so‘mdan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.

Shuningdek, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar kasb-hunarga, tadbirkorlikka Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida to‘liq bepul o‘qitiladi.

O‘quv kurslarini yakunlagan ishsiz xotin-qizlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi.

Tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan xotin-qizlarga tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishidan boshlab, o‘z faoliyatini mustaqil olib borishiga qadar bo‘lgan jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.