Rossiyaning Volgograd viloyatiga ishlashga borgan O‘zbekiston fuqarolariga zo‘ravonlik qilgan ish beruvchi jinoiy javobgarlikka tortildi, deb xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, ish beruvchi fuqarolarning barcha hujjatlarini olib qo‘yib, kuch ishlatgan va majburiy mehnatga jalb qilingan. Oylik ish haqidan darak ham bo‘lmagan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Volgograd shahridagi vakili ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Volgograd viloyati IIB rahbariyati bilan korxonada reyd uyushtirdi. Reydda shuningdek, viloyatning barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ishtirok etdi.

Natijada ish beruvchi hibsga olinib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Barcha vatandoshlarning pasport va oylik maoshlari olib berildi, deyiladi xabarda.