IIV YHXBB ijtimoiy tarmoqda haydovchi orqa tomondagi davlat raqam belgisi bo‘lmagan, oldingi tomonida esa 70005DAV davlat raqam belgisi bo‘lgan Trailblazer avtomobili harakatlanib ketayotgani aks etgan video yuzasidan izoh berdi.

Video Qashqadaryo viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu avtomobil yon oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz qoraytirilganligi ham aniqlangan.

Avtomobil haydovchisi, 1976 yilda tug‘ilgan E.T.ga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 125-moddasi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) beshinchi qismi hamda 126-moddasi (ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ushbu transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarori bilan davlat boshqaruvi organlari va hokimliklarning shaxsan biriktirilgan va navbatchi xizmat avtotransport vositalariga beriladigan DAV turiga mansub davlat raqami joriy etilgan.

Nasafnews 27 iyun kuni orqa tomonida davlat raqami bo‘lmagan Trailblazer avtomobili videosini e’lon qilib, yil boshida xuddi shu mashina svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketgani haqida xabar bergan edi. Nashrning yozishicha, mashina Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosariga berilgan.