12 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev “2022−2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qaror “yo‘l harakatini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida” qabul qilindi.

Hujjat bilan yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, shu jumladan, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlash maqsadida “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi tasdiqlandi. Dastur sohada 2022−2026 yillar davomida O‘zbekistonda amalga oshirilishi mo‘ljallangan quyidagi ishlarni o‘z ichiga oladi:

  • avtomobil yo‘llari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish;
  • avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;
  • jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;
  • haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish.

Dasturda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishini o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlash uchun quyidagi tartib o‘rnatiladi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari — har chorakda mas’ul davlat organlari tomonidan dastur ijrosi amalga oshirilishi yuzasidan hududlar kesimida o‘rganishlarni o‘tkazish va natijalari bo‘yicha Bosh prokuraturaga axborot beradi;
  • Bosh prokuratura, Hisob palatasi — har chorakda mas’ul davlat organlari rahbarlarining dastur ijrosi, shu jumladan, hududlar kesimida amalga oshirilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish va bajarilmayotgan masalalari yuzasidan tanqidiy muhokama qilish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga axborot kiritadi;
  • Vazirlar Mahkamasi — har yarim yilda dastur ijrosini hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilish, ijrosi yuzasidan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlariga intizomiy jazo choralarni ko‘rib, dasturda belgilangan tadbirlarni to‘liq amalga oshiradi.

Dasturda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini so‘zsiz ta’minlash uchun javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ichki ishlar vaziri, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga yuklatiladi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi"ni har yili ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga kiritadi.

Shuningdek, har chorakda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklar ahvolining tahlili asosida, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganilib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga muhokama qilish uchun kiritiladi.

Dastur doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarda jamoatchilik ishtiroki ta’minlanishiga hamda “Ochiq budjet” axborot portali orqali yo‘naltirilayotgan mablag‘lardan aynan shu yo‘nalishda samarali foydalanishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ul etib belgilandi.

Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar har yili budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida, shuningdek, “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.