Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev tergov organini alohida mustaqil tashkilot sifatida ajratish vaqti kelganini qayd etdi.

«Bu haqida ko‘p yillardan beri takliflar aytiladi. Biroq shu kunga qadar uni amalga oshirishning fundamental asosi yaratilmadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kamiga idoraviy manfaat yuzasidan bunga qarshilar ham ko‘p.

«Biroq afsuski prokuraturada bir vaqtning o‘zida tergov funksiyasi ham mavjudligi sababli prokuratura hamon fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi oqlovchi organ, deb bo‘lmaydi. Idora nufuzi va manfaati, „pogon hurmati“ kabi inson omili bilan bog‘liq „qarichlar“ uning oqlovchi sifatida odil sudlovni amalga oshirishiga halaqit beradi», — dedi u.

Shuningdek, joylarda odil sudlovni amalga oshirishda muhim bo‘g‘in — ichki ishlar tergovchilarining bir vaqtning o‘zida xududiy IIB boshlig‘iga bo‘ysunishi ham mantiqsizlik. «Chunki har doim ham IIB boshlig‘i tergovdan chiqqan, tergov sir sinoatlaridan xabardor shaxs bo‘lmasligi mumkin», — degan fikrda deputat.

«Umuman aytganda odil sudlovni amalga oshirishda tergovning har qanday ta’sirlardan holi, xolis organ bo‘lishi uchun barcha davlat organlari shu jumladan, Ichki ishlar, prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmatining tergov funksiyalarini o‘zida jamlagan alohida tergov organini tashkil etish zarur», — dedi u.

Rasul Kusherbayev mazkur masala Konstitutsiyada alohida aks ettirilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

«Bu demokratik prinsiplarga mos, inson huquqlari yuksak darajadagi odil sudlovni amalga oshirishga ko‘mak bergan bo‘lardi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, mazkur taklif ilk bor bildirilayotgani yo‘q. 2020 yilning fevralida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev (hozir mazkur lavozimda Feruza Eshmatova) parlamentga yagona tergov qo‘mitasini tuzishni taklif qilgandi. O‘shanda qo‘mita huquq-tartibot organlari tomonidan tergovda qo‘llanishi iddao qilinayotgan qiynoqlarga barham berishda qo‘l kelishi ta’kidlangandi.

Bundan tashqari, 2021 yilgi prezident saylovida «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod Alisher Qodirov ham o‘zining saylovoldi dasturida mustaqil tergov qo‘mitasi tashkil etish zarurligini qayd etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaning faoliyati hech kimga bo‘ysunmaydigan mustaqil organ sifatida yo‘lga qo‘yiladi. «Tergovni xolis, haqqoniy, shaffof va halol olib borish ta’minlanadi», — degandi o‘shanda deputat.