Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abega 8 iyul kuni Nara shahrida siyosiy nutq so‘zlayotgan chog‘ida uyushtirilgan suiqasd oqibatida vafot etdi, deb xabar berdi Yaponiyaning NHK telekanali.

Noma’lum shaxs 67 yoshli siyosatchi parlament saylovlari kampaniyasi chog‘ida o‘tkazilgan mitingda nutq so‘zlayotganida uning ko‘kragiga o‘q uzgan. Shundan so‘ng Sindzo Abe hushidan ketgan va kasalxonaga yotqizilgan edi.

Politsiya tomonidan gumonlanuvchi qo‘lga olingan. U Nara shahrida yashovchi 41 yoshli fuqaro ekanligi ma’lum bo‘ldi. Nikkei nashrining yozishicha, u ov miltig‘i bilan siyosatchining orqa qismiga o‘q uzgan.

Sindzo Abe 2006−2007 va 2012−2020 yillarda Liberal-demokratik partiyadan bosh vazir lavozimida ishlagan. Bu Yaponiya tarixidagi hukumat rahbari lavozimidagi eng uzoq muddatdir. Sobiq siyosatchi 2020 yilning avgust oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli iste’foga chiqdi.

Abe O‘zbekistonga 2015 yil oktabr oyida tashrif buyurgandi. U o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkentda rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining ochilishida qatnashgandi.