O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ayrim OAV va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar tomonidan «noma’lum manbalarga tayangan holda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar» muhokama qilinayotganiga izoh berdi.

Vazirlikning fikricha, go‘yoki noqonuniy kuch ishlatish orqali «tinch mitingni tarqatish», jumladan favqulodda holat e’lon qilish orqali «mustaqil ovozlarni yopish va axborotni oqimini to‘sish» haqida asossiz bayonotlar berilmoqda.

Shu munosabat bilan vazirlik «Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etdi».

«2022 yil 1−2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo‘ravon harakatlar, otishmalar va kuch bilan egallab olishga harakatlar tashkil etildi», — deyiladi xabarda.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilikni, nobarqarorlikni va bo‘linishni qo‘zg‘atishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.

«Populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini ko‘rishga majbur qildi», — deya qayd etdi vazirlik.

Ta’kidlanishicha, ommaviy vayrongarchiliklar va vahshiyliklar chog‘ida Jo‘qorg‘i Kengesi (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o‘qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o‘t qo‘yish, buzish va yo‘q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga qator bor urinishlar kuzatilgan.

Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olganlar, jumladan ulardan 23 nafari og‘ir ahvolda qolmoqdalar. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi jarohatlar olgan.

«Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi bo‘lib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi mumkin emas edi», — deyiladi bayonotda.

Vazirlik ushbu noqonuniy harakatlar natijasida 18 kishi vafot etganini eslatib, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining ko‘pchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’mol qilgan shaxslardan iborat bo‘lganini ta’kidladi.

«O‘zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qo‘lga kiritish, ayirmachilik g‘oyalarini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida o‘zaro nafratni qo‘zg‘atish, ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona xatti-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qo‘yildi», — deya qayd etdi TIV.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida O‘zbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga to‘liq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar va adolatli sud ishlarini yuritish kafolatlarini ta’minlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar e’tiboriga yetkaziladi.

«O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilmoqda hamda birinchi navbatda inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, — deyiladi bayonotda. — Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda mobil aloqa to‘liq faoliyat yuritmoqda, oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obektlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Elektr, gaz va suv muntazam ravishda yetkazib berilmoqda».

O‘zbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan mazkur mavzu yuzasidan ma’lumotlarning yo‘qligi haqidagi bayonotlar asossizdir.

«Hech bir kuch O‘zbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirishga, har bir fuqaroning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlariga g‘amxo‘rlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlashga ishonch bilan harakat qilishiga to‘sqinlik qila olmaydi», — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston TIV barcha OAV va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlarni Qoraqalpog‘istondagi voqealarga xolisona yondashishga, turli xil ishonchsiz manbalar asosida bir tomonlama, shoshilinch xulosalar qilmaslikka va bayonotlar chiqarmalikka chaqirdi.

4 iyul kuni Milliy gvardiya va Bosh prokuratura 1−2 iyul kunlari Nukusda sodir bo‘lgan tartibsizliklar natijasida 18 kishi halok bo‘lgani, 243 kishi, jumladan, 38 huquq-tartibot idorasi xodimi jarohatlangani haqida xabar bergan edi. 149 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan. 94 kishi, jumladan, og‘ir yaralanganlar shifoxonalarda qolgan.

«Gazeta.uz» favqulodda holat joriy etilgan Qoraqalpog‘istonda bir haftadan ko‘proq vaqt davomida internet faoliyati cheklangani, ko‘plab terminallar, bankomatlar ishlamay qolgani, davlat va boshqa xizmatlar ko‘rsatilmayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet Qoraqalpog‘istondagi voqealarni shaffof va mustaqil tergov qilish zarurligini ta’kidlab, internetga kirishni cheklamaslikka chaqirdi.