5 iyul kuni Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollari ikki davlat tashqi ishlar vazirlari hamda alyansga a’zo 30 davlat elchilari tomonidan imzolandi. Avvalroq, iyun oyi oxirida Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida bu ikki davlat a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif olgan hamda o‘zaro muammolarni hal qilish uchun Turkiya bilan uch tomonlama memorandum imzolagan edi.

Tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenberg Shvetsiya va Finlyandiya a’zoligini ratifikatsiya qilish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. U barcha ittifoqchilar milliy tartib-qoidalariga muvofiq a’zolikni tezda ratifikatsiya qilishiga umid qilishini ta’kidladi.

Hozirda ushbu davlatlar «taklif etilgan» maqomiga ega bo‘lib, muhokamalarda ishtirok etadi, dedi alyans rahbari. «Bugun alyans NATO eshiklari ochiq ekanligini yana bir bor namoyish etdi. NATO bir necha o‘n yillar davomida butun Yevropada tinchlik, barqarorlik va demokratiyani mustahkamlab, katta muvaffaqiyatga erishdi», — dedi Stoltenberg.

Finlyandiya va Shvetsiya o‘zlarining xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqib, may oyida a’zolik uchun ariza topshirgan edi. «Bizning 200 yillik harbiy [harakatlarga] qo‘shilmaslik siyosatimiz Shvetsiyaga yaxshi xizmat qildi, ammo savol shundaki, harbiy betaraflik kelajakda bizga yaxshi xizmat qila oladimi? Rossiyaning Ukrainaga sababsiz bostirib kirishi nafaqat noqonuniy va asossiz, balki Shvetsiya o‘z xavfsizligini ta’minlayotgan Yevropa xavfsizligi tartibini ham buzmoqda», degan edi Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson o‘shanda.