27 iyunda Poltava viloyatining Kremenchuk shahridagi savdo markaziga raketa hujumidan so‘ng, 28 iyun kuni Ukraina iltimosiga ko‘ra, BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Dikarlo yig‘ilishda ma’lum qilishicha, Rossiya raketalari zarbasi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lgan va 59 kishi jarohatlangan.

«Oxirgi marta, 5 aprel kuni men bu kengashga (Bucha aholisining qirg‘in qilinishi haqida — tahr.) xabar berganimda, Ukraina va uning xalqiga yetkazilgan vayronagarchilik bundan ham battar bo‘lishi mumkin emasdek tuyulgandi. Ammo so‘nggi 10 hafta ichida ko‘p sonli Ukraina tinch aholisi halok bo‘ldi, ayovsiz hujumlar natijasida butun boshli shaharlar vayronoga aylandi, mamlakat ekin maydonlarining katta qismi artilleriyadan o‘qqa tutildi», — deya Rozmari Dikarloning so‘zlaridan iqtibos keltirdi BMT Axborot xizmati.

U ushbu hodisani, shuningdek, «Kiyev, Chernigov, Odessa, Nikolayev, Xarkov va front chizig‘idan uzoqda bo‘lgan boshqa shaharlarga halokatli havo hujumlari natijasida halok bo‘lgan yoki yaralangan ko‘plab tinch aholi» hodisalari ustidan Rossiyani tergov qilishga chaqirdi. Hozirda eng shiddatli janglar Donbassdagi Severodonetsk, Lisichansk va Slavyansk shaharlari hududida bo‘lib o‘tmoqda.

Xarkov va Xerson shaharlari atrofida ham shiddatli janglar ketayotgani xabar qilinmoqda. «Katta miqyosdagi artilleriya duellari sanoat hududlarini vayron qilmoqda, minglab tinch aholi yerto‘lalarga yashirinishga yoki qochishga majbur. Har ikki tomon ham katta harbiy yo‘qotishlar haqida xabar bermoqda», — dedi Rozmari Dikarlo.

26 iyun holatiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi Ukrainada 4731 nafar tinch aholi halok bo‘lgani va 5900 nafari yaralanganini qayd etgan. Ularning ko‘pchiligi katta maydonni vayron qilishga ko‘lamiga ega portlovchi qurilmalardan jabrlangan. Barcha voqealar BMTning Ukraina bo‘yicha shu oy boshida mamlakatga birinchi missiyasi, jumladan, Bucha, Irpen, Xarkov va Sumiga qilgan tashrifi yakunlari yuzasidan tuzilgan tergov komissiyasi tomonidan tekshirilmoqda.

Rozmari Dikarloning ta’kidlashicha, Xalqaro jinoiy sud prokurori tergov komissiyasi va boshqa faktlarni aniqlash harakatlari Ukrainadagi urush paytida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilash uchun zarur.

Ukraina prezidentining nutqi

«Ushbu zarbani amalga oshirganlar oddiy savdo markaziga, istalgan mamlakatda mavjud bo‘lgan ko‘plab savdo majmualaridan biriga raketa zarbasi berayotganini bilmagan bo‘lishi mumkin emas», — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy video orqali yo‘llagan murojaatida.

U BMT Xavfsizlik kengashini Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlarini to‘xtatishga chaqirdi. «Rossiya qotilliklarni to‘xtatishi uchun zudlik bilan hamma narsani qilishimiz kerak. Davlat terrorizm uchun javobgarlikka tortilishi kerak, aks holda u terrorchilik faoliyatini Yevropa va Osiyoning boshqa davlatlari — Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha, Moldova, Qozog‘iston hududiga o‘tkazishi mumkin — ko‘plab davlatlar Rossiya rasmiy shaxslari va targ‘ibotchilarining tahdidlarini eshitishgan», — dedi u.

Ukraina prezidenti Rossiya uning mamlakatiga qarshi urush bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish va ovoz berishda qatnashish huquqiga ega emasligini aytdi. U «terrorchi davlat delegatsiyasini BMT Bosh Assambleyasidagi vakolatlaridan mahrum etishga» chaqirdi va Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashida qolishga haqqi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya vakilining munosabati

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy «savdo markaziga hech qanday zarba berilmaganini» ta’kidladi.

«Rossiya qurolli kuchlari Kremenchug yo‘l transporti zavodi hududidagi AQSh, Yevropa va G‘arbda ishlab chiqarilgan qurol va o‘q-dorilar omborlariga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berdi. Ushbu qurol va o‘q-dorilar Donbassdagi Ukraina qo‘shinlari guruhiga Donetsk, Lugansk va boshqa shaharlar turar-joylarini o‘qqa tutish maqsadida ishlatish uchun omborxonalar bo‘ylab tarqatilgan. Rossiya qurolli kuchlarining zarbalari buning oldini olishga imkon berdi», — dedi Dmitriy Polyanskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoqroqda joylashgan «Amstor» savdo markaziga zarba berilmagan.

Qish oldidan gumanitar inqiroz

Rozmari Dikarlo Ukraina dunyodagi eng yirik odamlar qochqini inqirozini boshidan kechirayotganini eslatdi. Bosqin boshlanganidan beri aholining chorak qismidan ko‘prog‘i — 12 mln kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Ukraina ichida 7,1 mlndan ortiq odam uy-joyini tashlab ketgan. Yevropada 5,2 mlndan ortiq ukrainalik qochqin bor. Ularning 3,5 mlndan ortig‘i vaqtinchalik himoya yoki shunga o‘xshash milliy himoya dasturlari uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

24 fevraldan buyon Ukraina bo‘ylab 8,8 mln nafardan ortiq kishi u yoki bu shaklda gumanitar yordam va himoya oldi. Bugungi kunda, BMT rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, kamida 16 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj.

Gumanitar tashkilotlar mamlakatni qishga tayyorlashga yordam berish rejasi ustida ishlamoqda. Yil oxirigacha ularning ehtiyojlarini qondirishni ta’minlash uchun avgust oyida tugaydigan tezkor chaqiriq dasturini qayta ko‘rib chiqmoqda.