Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Toshkent shahrida bajarilayotgan investitsiya loyihalari, xususan «Yangihayot» industrial texnoparkida ketayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi. Taqdimot haqida mutasaddilar bergan ma’lumot O‘zbekiston 24 kanalida efirga uzatildi.

Texnopark qurilishi 4 fevraldagi prezident qarorida belgilangandi. Davlat rahbari Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida majmuaning umumiy loyihasi bilan tanishgandi. Unda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov texnoparkdagi yer maydonlari «faqat auksion orqali ajratilishi»ni ma’lum qilgandi.

Texnopark uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Bosh reja ishlab chiqilib, bugungi kunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish boshlangan.

Prezident bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan muhim loyiha ekanini ta’kidladi.

«Hech qaysi davlatda tadbirkorga yengillik yaratmasdan turib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu texnopark tadbirkorlar uchun qulay maydon bo‘lishi kerak. Import o‘rnini bosadigan, ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlaydigan loyihalarga e’tibor qaratish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi bosqichda texnoparkning 110 gektar maydoni auksionda sotilgan. Ularda oshxona jihozlari, qandolatchilik va to‘qimachilik mahsulotlari, santexnika tovarlari, polietilen va metall buyumlar ishlab chiqarish loyihalari joylashtirilgan. Umuman, texnoparkda tashkil etiladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha ham imkoniyatlar katta. O‘tgan besh oyda bu sohada 5500 ta loyiha doirasida 183 mingta ish o‘rni yaratilgan, deyiladi xabarda.

«Yangihayot» industirial texnoparki hududida Accord-Vision MCHJ tomonidan santexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi. Foto: O‘zbekiston 24 kanali kadridan lavha

Solid Advance Group MCHJ tomonidan takil etilgan qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi

Foto: O‘zbekiston 24 telekanali. Kadrdan lavha

Davlat rahbari aholining talabi va imkoniyatlari o‘sib borayotganini aytib, xizmatlarni rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Mutasaddilarga yoshlarni bu soha bo‘yicha o‘qitib, xizmatlar sifatini va bandlikni oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

2022 yil poytaxtda qariyb 4 mlrd dollar investitsiya hisobiga 500 dan ziyod loyiha rejalashtirilgan. Hozirda shundan 1,5 mlrd dollari o‘zlashtirilgan. 120 mln dollarlik 71 ta loyiha ishga tushirilib, 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Umumiy miqdori 2,3 mlrd dollarlik yana 450 ta loyiha bo‘yicha ish ketmoqda.

Davlat rahbari birinchi yarim yillikdagi ko‘rsatkichlar yetarli emasligini ta’kidlab, kechikayotgan loyihalarning muammosini hal qilish, investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.