O‘zbekiston yil boshidan buyon Xitoyga 1 mlrd dollardan ko‘proq tovar eksport qildi. Mamlakatning Xitoydan tovarlar importidagi ulushi ortib bormoqda. Bu Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida aks etgan.

Unga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston eksportida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlat Xitoy bo‘ldi. O‘tgan yilning dastlabki besh oyida O‘zbekiston Xitoyga 835,4 mln dollarlik tovar eksport qilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 216,6 mln dollarga oshib, 1 mlrd 52 mln dollarni tashkil etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston eksportida o‘tgan yilning yanvar-may oylarida ikkinchi eng yirik hamkor davlat Turkiya (694,1 mln dollar) bo‘lgan bo‘lsa, bu yil Rossiya O‘zbekiston eksportida ikkinchi eng yirik mamlakat bo‘ldi — 939,4 mln dollar.

Quyida O‘zbekiston eksportida ulushi eng yirik 10 ta davlat ko‘rsatilgan:

  • Xitoy — 1 mlrd 52 mln dollar;
  • Rossiya — 939,4 mln dollar;
  • Turkiya — 741,4 mln dollar;
  • Qozog‘iston — 489 mln dollar;
  • Qirg‘iziston — 354 mln dollar;
  • Afg‘oniston — 307 mln dollar;
  • Tojikiston — 171 mln dollar;
  • Kanada — 71 mln dollar;
  • Eron — 69 mln dollar;
  • Turkmaniston — 63 mln dollar.

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi 2022 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston importida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar ro‘yxatini ham e’lon qildi.

2021 yilda ham O‘zbekiston importida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan Xitoy bu yil mamlakatga 2,7 mlrd dollarlik tovar eksport qildi. Bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 858,1 mln dollarga ko‘pdir. Qolaversa, Rossiyadan ham mahsulot importi joriy yilning yanvar-may oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada oshdi — farq 552,8 mln dollar.

Quyida O‘zbekiston importida ulushi eng yirik 10 ta davlat ko‘rsatilgan:

  • Xitoy — 2,7 mlrd dollar;
  • Rossiya — 2,3 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston — 1,3 mlrd dollar;
  • Koreya — 1,1 mlrd dollar;
  • Turkiya — 698,5 mln dollar;
  • Germaniya — 465 mln dollar;
  • Turkmaniston — 260 mln dollar;
  • Hindiston — 249 mln dollar;
  • AQSh — 192 mln dollar;
  • Braziliya — 170 mln dollar.

Avvalroq «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev o‘z maqolasida Ukrainadagi urush Rossiyaga kuchli bog‘langan iqtisodiyotlar uchun tashqi savdo xatarlarini keltirib chiqarishini va shunga qaramay, mart-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekiston tashqi savdosi sog‘lom ko‘rsatkichlarda o‘sganini qayd etgan edi.

U O‘zbekiston tashqi savdosi bo‘yicha to‘rt oylik hisobotlardagi raqamlarga e’tibor qaratib, import ham, eksport ham yuqori suratlarda o‘sayotganini ta’kidlagan edi. Xususan, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatning eksport hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga oshgan. Import hajmi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘paygan.