O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mahallalardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer olib beraman, deb ta’magirlik qilayotganini tanqid qilgandi. Yordamchi lavozimi davlat rahbarining taklifiga binoan yil boshidan joriy qilingandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-may oylarida — hokim yordamchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansabdorlik va firibgarlik bilan bog‘liq jami 14 ta jinoyat sodir etilgan.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida agentlik tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda hududlar kesimida hokim yordamchilarini korrupsiyaga qarshi kurash va halollik bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

20 iyun sanasidan hududlarda «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni va unga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy xulqni shakllantirish» mavzusidagi seminar mashg‘ulotlari boshlandi.

Dastlabki kurslar Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi. 21 iyun kuni Qashqadaryo viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida davom etgan bo‘lsa, 1 iyulga qadar mamlakatning barcha viloyatlarida bo‘lib o‘tadi.

Kurslarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrrupsiyaning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati, davlat xizmatchilarining mol mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, hokim yordamchilari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni vujudga kelish sabablari hamda shart-sharoitlari, ularni bartaraf etish usullari tahlil qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vazifalari qatoriga davlat xizmatiga halollik standarti («halollik vaksinasi») joriy etish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish va budjet mablag‘lari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish hamda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish kiradi.