DXX Toshkent viloyatida madaniy meros obyektlariga nisbatan sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish hamda davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlarini aniqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Toshkent viloyatidagi birinchi holatda 2020−2021 yillarda Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Shayx Umar Vali Bog‘istoniy» ziyoratgohini ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha Madaniyat vazirligi huzuridagi «Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati» Davlat muassasasi hamda «Antiqa va sifatli qurilish» xususiy korxonasi o‘rtasida 1,7 mlrd so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan.

DXX tomonidan aniqlanishicha, Madaniyat vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmati Davlat muassasasi va XK mansabdor shaxslari ta’mirlash ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 402,7 mln so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-(O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-(Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi ikkinchi holatda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi «Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Qibray tumanidagi «Qilichli ota» ziyoratgohida qayta ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va «TOSHMELIOQURILISH» MCHJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, 309 mln 107 ming so‘m budjet mablag‘i ajratilgan.

Biroq, ma’lum bo‘lishicha, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va «TOSHMELIOQURILISH» MCHJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, bajarilgan qurilish ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish orqali 263 mln 286 ming so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi va «TOSHMELIOQURILISH» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Qibray tumanidagi yana bir holatda «Buzgan tepa» arxeologiya yodgorligining yon qismlarida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va boshqa binolar qurish bo‘yicha ishlar olib borilishi natijasida ushbu moddiy madaniy meros obyektiga 5 mlrd 668 mln so‘mlik zarar yetkazilgan, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 132-(Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205 — (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.