O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasi Toshkent xalqaro aeroportini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Aprel oyida kompaniya rahbari Shavkat Mirziyoyevga Toshkent aeroporti yangi fasadining konseptual vizualizatsiyasini taqdim etgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fasadni ta’mirlash yo‘lovchilar oqimining o‘sish sur’atini saqlab qolishga qaratilgan.

«Hozirda Toshkentga yo‘lovchilar oqimi o‘sishi sur’atlarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha ishni qilyapmiz. Shu bois, joriy yil oxirigacha soatiga 2400 yo‘lovchiga mo‘ljallangan terminalni tezda qurishga majburmiz. Yagona fasadli, kelish va ketishlar bir joyda bo‘lgan, shuning uchun biz keyteringni boshqa joyga o‘tkazamiz. Albatta, bularning barchasi bizga uzog‘i bilan 2027 yilgacha yetarli bo‘ladi», — dedi u.

Uning fikricha, aeroportning asosiy «tor bo‘g‘zi» — uchish-qo‘nish yo‘laklari.

«Hozirda [aeroportda] soatiga 6−7 tagacha havo kemalari qo‘nmoqda. Prognozlarimizga ko‘ra, 2025−2027 yillarda soatiga 13 ta havo kemasi bo‘ladi. Va yo‘laklar [qabulni] ta’minlay olmay qoladi. U yerda ikkita yo‘lak bor, lekin [aslida] deyarli bitta. Ular yaqin joylashgan, shuning uchun bir vaqtdan foydalanib bo‘lmaydi. Shuning uchun asosiy cheklov va „tor bo‘g‘iz“ — uchish-qo‘nish operatsiyalari. Yana bitta yo‘lakni qurish uchun yer uchastkasini topish imkonsiz, chunki shahar bor», — deya izoh berdi u.

Ra’no Jo‘rayeva 2035 yilgacha mamlakat aeroportlarini rivojlantirish strategiyasida shahardan 30 km uzoqlikda yangi Toshkent aeroportini qurish va uni xalqaro xab sifatida rivojlantirishni taklif qilgan edi.

«Biz shunday variantni taklif qildik. Hozirda bu davlat rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan yangi aeroportni qurish qanchalik maqsadga muvofiq ekanligi muhokama qilinmoqda», — dedi u.

Uzbekistan Airports rahbarining fikricha, bu O‘zbekistonning aeroport sohasidagi istiqbollari uchun juda muhim qadamdir.

«Chunki postsovet hududida va umuman Trans-Osiyo yo‘nalishida bunday markaz yo‘q, to‘rt polosali bo‘ladigan aeroport, transfer trafigini rivojlantirish uchun bepul infratuzilma yo‘q. Bu majburiy talab. Agar bunday bo‘lmasa, hech qanday aviakompaniya hech qayerga ko‘chmaydi «, dedi u.

Ra’no Jo‘rayeva aeroportlar ham mamlakat eksport salohiyatidan deb biladi.

«Chunki barcha xorijiy aviakompaniyalar o‘z xizmati uchun to‘lovni valyutada qabul qiladi. Shuning uchun biz aynan mamlakatning yuqori texnologiyali eksport salohiyatini rivojlantirishimiz kerak», — deya qayd etdi Uzbekistan Airports rahbari.

Uzoq istiqbolda Toshkent aeroportini shahardan tashqariga ko‘chirish rejasi to‘g‘risida 2020 yilning fevralidayoq ma’lum qilingan edi.