Uzbekistan Airports sho‘’ba kompaniyasi hisoblangan hududiy Silk Avia aviakompaniyasi ilk parvozlarini joriy yilning sentabr-oktabr oylarida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Silk Avia 2021 yilning sentabrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston fuqarolarini hamyonbop narxlarda ichki havo transporti bilan ta’minlashdan iborat. Ra’no Jo‘rayeva nima uchun loukasterni ishga tushirishda kechikish bo‘layotganiga izoh berdi.

«Aviakompaniya tashkil etish juda qiyin. Men buni ikki yil oldin taklif qilganman. Hozir ushbu startapni qilishni taklif etdim, keyin kimdir uni mendan oladi va uni boshqarishda davom etadi. Men to‘xtagan samolyotlarni topish juda qiyin. Biz biznes-reja tuzdik va turli hududiy samolyotlarni iqtisod nuqtai nazaridan solishtirdik va ATR 72−600 da to‘xtadik», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ATR fransuz-italyan ishlab chiqaruvchisining yaqin masofalarga uchuvchi hududiy layneri «eng yaxshi tejamkorlik» ko‘rsatkichlariga ega. Silk Avia 70 o‘rinli shu kabi samolyotlardan uchtasini sotib olishni rejalashtirmoqda.

«Endi ularni bozordan topish kerak. Bozorda esa ular yo‘q. Ular hududiy parvozlarda eng ommabop samolyotlar hisoblanadi… Hududlarda barcha parvozlarning 75 foizi ushbu samolyotlarda amalga oshiriladi. Bozorda bu samolyotlarni izlayapmiz va topganga o‘xshaymiz», — deya qayd etdi u.

Ra’no Jo‘rayeva uchuvchilar tarkibini shakllantirishni ikkinchi eng muhim omil deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy mutaxassislar ta’lim olish uchun Fransiyaning Tuluza shahriga yuborilmoqda, shuningdek, Rossiyadan uchuvchilar jalb qilinmoqda.

«Uchinchi muhim omil — chiptalarni telefonda sotishimiz uchun bizga kerak bo‘layotgan sotish tizimi. To‘rtinchisi — samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish. Hozir biz UAT (Uzbekistan Airways Technics — tahr.) bilan birgalikda ushbu samolyotlarni ta’mirlash va ularning parvozga yaroqliligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirmoqdamiz. Ular ham Tuluzada o‘qishadi», — deya ma’lum qildi kompaniya rahbari.

Uzbekistan Airports rahbari birinchi aviareyslar muddatlarini ma’lum qildi. «Birinchi reyslarni sentabr-oktabrlarda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Silk Avia yo‘nalishlar sonini 40 tagacha oshirishni rejalashtirgani haqida xabar qilingan edi. ««Tariflar temiryo‘llar chiptalari bilan mos bo‘ladi. Bu ichki turizm rivvojlanishiga ham, iste’molchi uchun aviachiptaning narxiga ham yaxshi ta’sir qiladi», — degan edi Ra’no Jo‘rayeva.