O‘zbekiston 19 kun avval futbol bo‘yicha yirik musobaqa — 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini o‘tkazishni boshladi. Chempionatning dastlabki kunlarida o‘yinlarning asosiy qismi bo‘lib o‘tayotgan Toshkentda go‘yoki hech qanday tadbir bo‘lmayotgandek, ko‘pchilikning bu musobaqadan xabari yo‘q edi. Musobaqa yakuniga yetib boryapti, so‘nggi kunlarning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi aynan musobaqaning finaliga chipta topish bilan bog‘liq bo‘ldi.

O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni o‘yiniga qiziqish musobaqa O‘zbekistonda o‘tayotganini inobatga olganda anchagina yuqori. Xo‘sh, tashkilotchilik darajasi-chi? Nega uch kundan buyon davom etayotgan chipta mojarosi kun mavzusiga aylanmoqda? O‘zi nima shovqin? «Gazeta.uz» voqealar rivojini bir joyga to‘pladi.

Barchasi qanday boshlandi?

O‘zbekiston Yaponiya termasini mag‘lub etib, finalga yo‘l olgan o‘yinga muxlislar kiritilmagani, tabiiyki, finalga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirdi. 17 iyun kuni tushga yaqin O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston U-23 — Saudiya U-23 o‘rtasidagi final o‘yini uchun chiptalar aynan shu kuni tushdan keyin sotuvga chiqishini ma’lum qildi. Imomxo‘jayev chiptalar sektoriga qarab 100, 50 va 25 ming so‘mdan sotilishi rejalashtirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Shu kuni tushdan so‘ng tarmoqlarda «Bunyodkor» stadioni kassasi atrofida yig‘ilganlar bilet so‘rab, norozilik bildirayotgani aks etgan videolavhalar tarqadi. Unda ichki ishlar organlari xodimlari kassa oldiga to‘plangan muxlislarni ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz bilan haydaganligi aytildi.

Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi esa buni inkor qilib, hududda xizmat olib borayotgan xodimlar jamoat tartibini saqlanishini talab qilganligini va ayrim fuqarolar tartibga chaqirilganini, lekin hech qanday kuch ishlatish yoki maxsus vositalardan foydalanish holatlari bo‘lmaganligini ta’kidladi.

«Daryo» nashrining 17 iyun kuni bergan xabarida aytilishicha, shu vaqtning o‘zidayoq ko‘plab chiptalar «qo‘lga» chiqib ketgan. «Kassada 25 ming so‘mlik chiptalar „qo‘lda“ 100−150 ming, hatto 200 ming so‘mdan sotilyapti. Yana bir chayqovchi markaziy sektordagi chiptani 500 ming so‘mga baholagan», — deyiladi xabarda.

Xuddi shu vaqtda iTicket.uz saytida o‘yin uchun chiptalar sotuvi hali boshlanmagani aks etgandi. Bu ko‘rsatkich 17 iyunning so‘nggi soniyalariga qadar saqlanib qoldi.


Foto: iTicket.uz

O‘FAning munosabati va uning atrofidagi mulohazalar

17 iyun kuni soat 22:59 da O‘FA matbuot kotibi Davron Fayziyev shu kunning o‘zida iTicket`da 10 mingga yaqin chipta sotilganini ma’lum qildi.

Fayziyevning aytishicha, iTicket.uz onlayn platformasi tomonidan va «Bunyodkor» stadioni kassalarida chiptalar sotuvi boshlangan, biroq stadion atrofida chayqovchilar tufayli tartibsizliklar yuzaga kelgan. Shuningdek, iTicket.uz kompaniyasi saytga tashrif buyuruvchilar ko‘pligi sabab platformada texnik nosozlik yuzaga kelganligini va yaqin vaqt ichida bu muammo bartaraf etilishini aytgan.

18 iyun, tun soat 2:30 lar atrofida iTicket.uz saytida chiptalar savdosi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. «Gazeta.uz» jurnalisti Shuhrat Latipov ham ayni shu vaqtda final chiptasini xarid qilishga uringanligini va saytda muammolar yuzaga kela boshlaganlini yozdi. U, shuningdek, sektorlardan joylarni tanlashda ham muammolar bo‘lganini, platformada nosozliklar kuzatilganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» nashri jurnalistlari iTicket.uz saytida soat 03:56 da chiptalar sotilib bo‘lingani ko‘rsatilganini ko‘rishdi.


Biroq, 2 daqiqadan so‘ng saytda yana chiptalar paydo bo‘ldi.


Tunning qandaydir 2 soatida minglab chiptalar birdan sotilib ketgani ajablanarli.

OLX`dagi chayqovchilar yoki yuzlab chiptani kimlar sotib oldi?

18 iyunning tongida «Bunyodkor» kassalari ish faoliyatini boshlagani, xaridorlar navbatga turgan holda chipta sotib olayotgani aks etgan videolar tarmoqlarda tarqaldi.

Biroq shu o‘rinda chayqovchilik internet olamiga ham ko‘chgan edi.

Xususan, biror mahsulotni sotish va sotib olish uchun mo‘ljallangan Olx.uz saytida ham final chiptalari sotilayotganini ko‘rish mumkin. Narxlar esa yuqori — 200 ming so‘mdan 3,5 mln so‘mgacha.



Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

Tarmoqlarda esa turli gap-so‘zlar tarqaldi.

Ulardan birida aytilishicha, final chiptalari iTicket.uz saytida sotuvga chiqmasdanoq «bron» qilingan. Kun.uz nashri o‘z manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqlagani, iTicket.uz orqali chiptalar 17 iyun kuni soat 18:00 da savdoga chiqarilgan bo‘lib, ungacha foydalanuvchilar saytga kira olmagani haqida yozdi.

«Qizig‘i, olg‘irlar ommaviy savdolar boshlangan 18:00 gacha ham chiptalarni oldindan «bronlash»ni davom ettirishgan. Kun.uz manbasi tomonidan taqdim etilgan skrinshotlarni tahlil qilish asnosida qiziq ma’lumotlarga ham duch keldik», — deyiladi nashr surishtiruvida.

Shuningdek, tarmoqlarda iTicket.uz sayti orqali Ravshan Ermatov 400ta, Odil Ahmedov 100 bilet sotib olgani aks etgan skrinshotlar tarqaldi. Bu qanchalik haqiqatga mos yoki mos emas — O‘FA hozircha jim.


Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

Finalni ko‘rish uchun qo‘yiladigan monitor, chiptalar qimmat bo‘lishi kerakligi haqida

O‘FA matbuot xizmatining 18 iyun kungi xabarida aytilishicha, finalga qiziqish yuqoriligi va stadion barcha xohlovchilarni sig‘dira olmasligini inobatga olib, «Bunyodkor» turargohida futbol muxlislari uchun maxsus monitor o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.

Shunday monitorga o‘xshashini esa viloyatlarda ham xohlashmoqda. Tarmoqlarda bu kabi videomurojaatlar ommalashib bormoqda. Hozircha bu kabi ishlar amalga oshiriladimi yoki yo‘q, hokimliklar jim.

Chipta mojarosi davom etayotgan bir vaqtda iqtisodchi Otabek Bakirov talab yuqori bo‘lgan vaqtlarda chiptaning narxini qimmatlatish kerakligini yozdi.

«Chunki taklif haddan ziyod chegaralangan, talab esa haddan ziyod yuqori. Imkoniyati cheklangan va mehmonlar uchun mingta bilet zaxiralangan taqdirda ham, tashkilotchilar qolgan 29 ming biletni sotishdan maksimal foyda ko‘rishi zarur. Bu yo‘lda ularning eng katta dushmani olib sotarlar, eng yaqin ittifoqchisi esa narx. Shu bilan birga olib sotarlarga qarshi ma’muriy yo‘l bilan kurashish kerak emas. Chunki ular ayni vaqtda narx bo‘yicha signalchi ham, ham talabni yanada oshiruvchi promouter bo‘lib xizmat qilishadi», — deydi iqtisodchi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Twitter sahifasida 18 iyun kuni «hamma yaxshi biladigan» hokim bilan gaplashgani, hokim «oddiy o‘yinlarga odamlarni majburlab olib kirmasdan, 50 ming so‘mdan berish, ammo finalda eng arzon joyni 500 ming qilish kerakligi» haqida gapirganini yozgan.


Foto: Twitter`dan skrinshot.

Bugun muxlislarning stadionga kirishi qanday bo‘ladi?

Chiptalarning deyarli barchasi o‘z egalarini topgan. Ammo, chayqovchilarning yolg‘onlariga aldanib, bir chiptani bir necha kishi sotib olib, ertaga futbolga kirolmaslik kabi holatlar bo‘lishi mumkinmi? Hozircha so‘roq ostidagi yagona savol aynan shu.

Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi muxlislarga murojaat bilan chiqdi. Unda muxlislar stadionga turli xavfli jihozlar olib kirmasligi, maydonga tosh va boshqa narsalar otish kerakmasligi, har qanday holatda ham turli haqoratli so‘zlar ishlatmasligi eslatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni o‘yini bugun 18:00 da boshlanadi.

Sal oldinroq final uchrashuvi sababli soat 12:00 dan 00:00 ga qadar Toshkentdagi «Milliy» stadioni atrofidagi ko‘chalar avtotransport vositalari uchun yopilishi haqida xabar berildi.