Agar yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, hamma qatori prezident Shavkat Mirziyoyevga ham saylovlarda qatnashish imkoni yaratib beriladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Jurnalist konstitutsiyaviy islohotlar haqida gap ketganda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik asosiy qomusga o‘zgartirishlar kiritishdan asosiy maqsad prezident vakolat muddatlarini uzaytirish ekani haqida gapirayotganini ta’kidladi.

Ushbu savolga javob berar ekan, senator Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish kerakligiga hech kim shubha qilmasligini qayd etdi.

«Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi. Prezidentimiz bu imkoniyat va huquqdan foydalanadimi, foydalanmaydimi, bu birinchi navbatda ushbu shaxsga havola. Bu shaxsni ko‘rsatadigan siyosiy partiyaga havola. Lekin bu haq-huquq u kishida bo‘ladi. Bu — xalqaro tajriba, yangi konstitutsiyami, yangi huquqiy makon yaratildi va bu yangilanadi», — deya ta’kidladi Sodiq Safoyev.

«Shaxsan, mening fikrimni so‘rasangiz, tajribadan kelib chiqib va xalqaro vaziyatni tahlil qilgan inson sifatida shuni aytishim kerakki, bugun biz bir nihoyatda tahlikali dunyoda yashayapmiz. Kundan kunga murakkablashib ketyapti. Shu jumladan bu mamlakatimiz uchun ham salbiy asoratlarini ko‘rsatmasdan iloji yo‘q. Lekin shunga qaramasdan biz islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Men aminmanki, bu islohotlarni boshlagan insonda uni oxirigacha yetkazishga imkoniyat bo‘lishi kerak. Buni men kim bilan xohlasangiz va qayerda xohlasangiz bahs qilishim mumkin», — dedi u.

Senat rahbarining birinchi o‘rinbosari so‘nggi besh yilda «davlat rahbari, prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qandaydir hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan siyosatchi emas"ligini ko‘rsatganini ta’kidladi.

«Ko‘rib turibmiz, u kishi el-yurt va vatan uchun xizmat qilishga bel bog‘lagan, o‘z umrini bag‘ishlagan inson. Ko‘rib turibmizki, xalqimizning og‘irini yengil qilish, birini ikki qilish, kelajagini ta’minlash uchun qanchalik harakat qilyapti», — deya qayd etdi u.

Sodiq Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda ham ichki siyosat, ham tashqi siyosatda qilingan ishlar misolida dunyoda eng yirik davlatlar tomonidan Shavkat Mirziyoyev yangi formatsiyadagi lider sifatida e’tirof etilmoqda.

«Bu — mamlakatimizning, xalqimizning katta yutug‘i va daldasi desak bo‘ladi, buni yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bugungi tahlikali dunyoda aynan dunyo tomonidan e’tirof etilgan lider O‘zbekistonga yo‘lboshchi bo‘lishi bu xalqimiz uchun kerak», — dedi u.

Senator pandemiya davridan misol keltirdi. «Nihoyatda murakkab, og‘ir vaziyat, yirik va baquvvat davlatlarda inqiroz chuqur tus olganda, aynan O‘zbekistonda butun xalqni jipslashtirib, barcha qatlamlarni, nodavlat tashkilotlarni hukumat bilan birgalikda bir yoqadan bosh chiqarib, shu ofatdan olib chiqib ketilishida prezidentimizning roli katta bo‘lgan», — deya qayd etdi u.

«Yana bir bor aytmoqchiman, basharti yangi Konstitutsiya qabul qiladigan bo‘lsak, bu biz uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Islohotlarimiz va olib borilayotgan siyosatlarimiz davomiyligi va izchilligini ta’minlash biz uchun muhim masala. Bu esa prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nomi bilan bog‘liq. U kishi qanday qaror qabul qiladilar, bilmayman, shaxsan men shu davomiylikni ta’minlashning tarafdoriman», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni qabul qilish platformasida prezidentlik muddatini besh yildan to‘rt yilga qisqartirish va bir shaxsning «hayoti davomida» ikki martadan ortiq prezidentlik lavozimini egallashini taqiqlash bo‘yicha takliflar ham bor. Shuningdek, bir muddatni 15−20 yilgacha uzaytirish, «agar prezident o‘z vazifalarini juda yaxshi bajarsa», uchinchi muddatga saylanishga yo‘l qo‘yilishi ham taklif qilingan.