Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy qilingan sanksiyalar natijasida Rossiya iqtisodiyotining qisqarishi va ish o‘rinlarining yo‘qotilishi Markaziy Osiyolik migrantlar va ularning pul o‘tkazmalariga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda, deya ma’lum qildi Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT).

16 iyun — Xalqaro oilaviy pul o‘tkazmalari kuni munosabati bilan XMT Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyolik migrantlar va ularning pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.

Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan migrantlarning pul o‘tkazmalari Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Xususan, 2020 yilda Qirg‘iziston va Tojikistonga pul o‘tkazmalari hajmi YAIMning mos ravishda 31 va 27 foizini tashkil etgan. 2021 yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi O‘zbekistonga yuborilgan umumiy pul o‘tkazmalarining 55 foizdan ortig‘ini tashkil etgan (Qozog‘istonda — 51 foiz).

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda umumiy pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan O‘zbekistonda — 21 foizga, Qozog‘istonda — 17 foizga, Tojikistonda — 22 foizga va Qirg‘izistonda — 33 foizga qisqarishi kutimoqda.

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada Markaziy Osiyodan to‘rt millionga yaqin mehnat muhojirlari faoliyat yuritadi. Xususan, Tojikiston va Qirg‘izistondan — qariyb bir million nafardan, O‘zbekistondan — ikki millionga yaqin va Qozog‘istondan — 200 mingga yaqin. Migrantlarning aksariyati qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida (mavsumiy va uzoq muddatli), shuningdek, yuqori malakali kasbiy faoliyat bilan band.

XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada sanksiyalar oqibatidagi iqtisodiy tanglik natijasida ikki milliongacha ish o‘rinlari yo‘qotilishi, ishsizlik darajasi 4,4 foizdan 7,8 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

«Rossiyadan pul o‘tkazmalarining qisqarishi mintaqaning pul o‘tkazmalariga qaram bo‘lgan iqtisodiyotlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz», — deya ta’kidlagan XMTning Vena hududiy boshqarmasi direktori Renate Xeld. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning ko‘pchiligi hozircha Rossiyada qolishni afzal ko‘rayotganligiga qaramay, iqtisodiy vaziyat yomonlasha boshlagan taqdirda, ular orasida vatanga qaytish holatlari barqaror ravishda o‘sib boradi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning birinchi choragida 133 ming o‘zbekistonlik migrantlar Rossiyadan o‘z vataniga qaytgan. Aprel oyida o‘zbekistonlik migrantlarning pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘p — 1,07 mlrd dollarni tashkil etgan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyidagi prognozlarida pul o‘tkazmalari hajmi 18−25 foizga qisqarishi kutilayotganligini qayd etgan.

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro oilaviy pul o‘tkazmalari kuni munosabati bilan qilgan murojaatida uy xo‘jaliklari o‘z ehtiyojlarini samarali qondirishlariga ko‘maklashish maqsadida «pul o‘tkazmalari narxini nolga yaqinlashtirish zarur» ekanligini ta’kidladi.

Prognozlarga ko‘ra, Ukrainadagi urush oqibatlarining Markaziy Osiyo mamlakatlariga salbiy ta’siri davom etadi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi 4,3 foizni tashkil etishi kutilmoqda, ayni paytda, Qozog‘istonda 2022 yil oxiriga kelib YAIM o‘sishi 2 foizga yetadi. Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyoti joriy yilda mos ravishda — 2 va 0,4 foizga pasayadi. Shuningdek, Ukraina iqtisodiyoti bu yil 45 foizga, Rossiya iqtisodiyoti 9 foizga qisqarishi kutilmoqda.