Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va biroz issiq ob-havo kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

«Ushbu kunlarda harorat foni o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan yuqori bo‘ladi va +34…+39 darajani tashkil etadi», — deyiladi markaz xabarida. Juma kuni janub va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +40…+42 darajagacha issiq bo‘ladi.

18−19 iyun kunlari faqat Toshkent viloyatida, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zgidromet so‘nggi uch yilda iyun oyi qanday o‘tgani haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, iyun oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, respublika shimoli bo‘yicha ba’zi joylarda asosan me’yordan 1−2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oy davomida respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida kunduz kungi harorat +29…+32 darajadan +36…+39 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq davrlarda havo harorati +40…+42 darajagacha ko‘tariladi.