O‘zbekistondagi eng korrupsiyalashgan tarmoqlardan biri bank tizimi hisoblanadi. Bu haqda 14 iyun kuni Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi qarori asosida bank tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

«Lekin bu borada ham banklar tashabbus ko‘rsatyapti, tizimda korrupsiyani bartaraf etish choralarini to‘liq ko‘rayapti, deb ayta olmaymiz. Quyidagi raqamlar ham buni isbotlashi mumkin», — dedi u.

Reyting natijalariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida bank xodimlari 128 ta korrupsion jinoyat sodir etib, mamlakatda ta’lim sohasidan keyingi 2-o‘rinni egalladi.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, tijorat banklari tomonidan kredit ajratish jarayonlarida korrupsiyaviy vaziyat «tobora jiddiy tus olib, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda».

Bank tizimida mablag‘larni talon-taroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, kredit ajratishdagi suiiste’molchilik holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda. So‘nggi 2 yilda tijorat banklari tizimidagi 676 nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgan, dedi agentlik rahbari.

Akmal Burxonovning qayd etishicha, aholini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga mo‘ljallangan budjet mablag‘larini «ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-taroj qilinayotgan holatlari mavjud».

«„Har bir oila — tadbirkor“ dasturi bo‘yicha 20 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ bank xodimlari tomonidan talon-toroj qilingan. Talon-taroj qilingan mablag‘lar Milliy bankda — 1,3 mlrd so‘m, Mikrokreditbankda — 2,4 mlrd so‘m, Xalq bankida — 3 mlrd so‘m, Agrobankda — 12,3 mlrd so‘mni tashkil qiladi», — dedi u.

«Yoshlar — kelajagimiz» dasturi doirasida ham 3,5 mlrd so‘m mablag‘ yoshlar bandligini ta’minlashga yo‘naltirilmasdan, jinoiy sxemalar orqali noqonuniy o‘zlashtirib yuborilgan, dedi Akmal Burxonov.

«Korrupsiyaga qo‘l urgan bank xodimlarining 5 nafari respublika, 74 nafari viloyat va 597 nafari tuman (shahar) miqyosidagi banklarda faoliyat yuritgan. Mazkur jinoyatlar oqibatida 354,2 mlrd so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan», — deya ta’kidladi u.

Birgina Toshkent shahrida 2021 yilda 12 nafar shaxsga nisbatan 10 ta jinoyat ishi (6 tasi Markaziy bank va uning quyi tizimi hamda 4 tasi tijorat banklari xodimlari) sudga yuborilgan. 7 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 3 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 1 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 1 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 208-moddasida (Hokimiyat harakatsizligi) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilishgan. Ularning 2 nafari Toshkent shahri va 10 nafari tuman darajasidagi bank tizimi xodimlari hisoblanadi.

«Albatta, bu kabi raqamlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlarga soya solmoqda va xalq ishonchiga putur yetishiga sabab bo‘lmoqda», — dedi Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Burxonov.

Mazkur yig‘ilishda Antikorrupsiya agentligi rahbari Toshkent O‘zbekistondagi eng korrupsiyalashgan hududlardan biri ekanini ta’kidladi. Poytaxtda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni yil davomida 3 barobarga oshgan. Bundan tashqari, internetda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarning yarmi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi.