O‘zbekistonda professional ta’lim muassasalaridagi dual ta’lim tizimi kasb-hunar maktablari va texnikumlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Prezident «ushbu ijobiy tajribani»ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha viloyat hokimlari va Oliy ta’lim vazirligiga topshiriq berdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Hozirda respublika bo‘yicha 57 ta professional ta’lim muassasasida Germaniya tajribasi asosida ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimida bu o‘z natijasini bergani ta’kidlandi — pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun nazariy bilimlarni kollejda oladi, qolgan 4 kun esa bog‘chalarda amaliyot o‘taydi va ishlab, oylik oladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari va Oliy ta’lim vazirligiga ushbu ijobiy tajribani kasb-hunar maktablari va texnikumlarda yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Endilikda dual ta’limni joriy etish uchun kasb-hunar maktablarining bo‘sh maydonlarida korxonalarning ishlab chiqarish sexlari tashkil etiladi. Bunda, o‘quvchilar ushbu korxonada ishlab, oylik oladi.

Korxonadagi ustozlarga asosiy ish haqidan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Shuningdek, prezident professional ta’lim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligini ta’kidladi.

«Ochiq aytish kerak, 2 mln so‘m oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 mln so‘m ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, professional ta’lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi. Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.

Avvalroq xabar berganimizdek, mazkur yig‘ilishda prezident 2023 yildan boshlab texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishini ta’kidlagandi. OTMlardagi kamida 60 ta yo‘nalish texnikumlarga o‘tkaziladi. Shuningdek, 1 yanvardan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtiriladi.