Seshanba kuni gidrometeorolik xabarlar Telegram-kanali muallifi Erkin Abdulaxatov Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi «Yertikon» suv ombori ostidan suv sizib chiqayotganligi haqida ma’lum qildi.

Viloyat FVB mutaxassislari mutasaddi tashkilot mas’ul xodimlari bilan birgalikda suv omboriga borib, vaziyatni o‘rgandi, deb xabar berdi FVV.

Natijada suv omboridan suv sizib chiqishi (filtratsiya) tasdiqlangan.

«O‘rganishlar jarayonida „Yertikon“ suv omborining ikkita yerli joylaridan (5 va 10 litr soniya) suv sizib chiqishi 2022 yil 13 iyun kuni 19:00 lardan boshlangani, damba (temir beton)ning o‘zi mustahkamligi, aholiga va to‘g‘onga xavf yo‘qligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Suv sizib chiqishini bartaraf etish maqsadida «Kosonsoy» suv omboridan suvni chiqarish to‘xtatilgan.

«Yertikon» suv omboridan suvni chiqarilishi «Kalbuva» va «Musa ariq» kanallari (avariyaviy tashlama) orqali 4 m. soniyagacha oshirilgan. Ta’kidlanishicha, suv omboridan suvni shu hajmda chiqarilishi natijasida 2 sutka ichida sizib chiqayotgan suv (filtratsiya) joylari bartaraf etiladi.

Hozirda ushbu suv omborida vaziyatni kuzatib borish va ishlarni nazorat qilish maqsadida tegishli mutaxassislaridan iborat tun-u kun kuzatuv posti tashkil etildi, deyiladi xabarda.