O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish va Toshkent metropoliteni infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbariga yer usti halqa metrosining ikkinchi bosqichini davom ettirish, zamonaviy qurilish usullarini joriy etish, metropolitenning harakat tarkibini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish hajmini yanada oshirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida joriy yil oxirigacha beshta, keyingi yil «Navro‘z» bayramiga qadar yana ikkita bekat qurish rejalashtirilgan. Bu liniya 62 ta mahallaning 250 mingga yaqin aholisini metro xizmatlari bilan qamrab oladi. Loyihaning umumiy qiymati 91,37 mln dollarga baholanmoqda, biroq bundan bir hafta oldin bu ishlarga boshqa summa — 127,5 mln dollar mablag‘ ketishi e’lon qilingan edi.


Foto: prezident matbuot xizmati.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Prezidentga mazkur loyiha taqdimotini o‘tkazdi. «O‘zbekiston 24» telekanali taqdim etgan slaydlar uzunligi 8,5 km bo‘lgan beshta (7 dan 12 tagacha) bekatlarni qurish uchun 462,3 mlrd so‘m (43,27 mln dollar) talab qilinishini ko‘rsatmoqda. Shundan 332,3 mlrd so‘m (31,1 mln dollar) mablag‘ davlat budjeti, 130 mlrd. so‘m (12,17 mln dollar) esa bank kreditlaridir.

Qurilish ishlarini sentabr oyida yakunlash, sentabr-noyabr oylarida sinovdan o‘tkazish va 2022 yil dekabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Uzunligi 3,8 km bo‘lgan keyingi ikkita bekat (12−14-bekatlar) uchun 347 mlrd so‘m (32,5 mln dollar) kerak bo‘ladi, bu mablag‘ to‘liq O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.

Bunda 120 ta uy buzilishi va 415 ta daraxt olinishi kutilmoqda. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kompensatsiya to‘lovlari uchun mos ravishda 160,2 mlrd so‘m (15 mln dollar) va 6,4 mlrd so‘m (0,6 mln dollar) ajratadi. Natijada ikkita bekat loyihasi 48,1 mln dollarga tushadi.

Ikki bekatning qurilish ishlari dekabr oyida yakunlanib, yanvar-mart oylarida sinovdan o‘tkazilib, «Navro‘z» bayramida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Foto: prezident matbuot xizmati.

Rahbariyat avvalroq «muammoli» deb sanab o‘tilgan ikki bekatli bo‘limni muhokama qilishgandi. O‘shanda yo‘l o‘tkazgichni qurish uchun 132 ta binoni buzish va 300 dan ortiq daraxtni kesish talab qilinishi ta’kidlandi. Yer osti liniyasi kamroq zarar ko‘rdi, ammo bu qimmatroqqa tushdi.

Davlat rahbari jamoat transportining barcha turlarida odamlarga qulaylik va xavfsizlik ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Metropoliten uchun 14 ta yangi poyezd xarid qilish, 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish topshirildi.