Portugaliyaning Madeyra shahrida 12−18 iyun kunlari para suzish bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkazilmoqda. MOQning xabar berishicha, musobaqaning birinchi kunida o‘zbekistonlik para suzuvchi Islam Aslanov sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.

Aslanov erkaklar o‘rtasidagi 100 metrga batterflyay usulida suzish bahsida 56.94 soniya natija bilan marraga 3-bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu yo‘nalishda ukrainalik para suzuvch Aleksey Virchenko 56.12 soniya natija bilan g‘olib bo‘lgan. Kumush medalini esa 56.34 soniya natija bilan Fransiya vakili Aleks Portal qo‘lga kiritdi.

Endi Islam Aslanov 14 iyun kuni 100 metrga fristayl usulida suzish bellashuvlarida, 16 iyun kuni esa 50 metrga fristayl usulida suzish bahslarida qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, Islam Aslanov Tokioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.