O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan o‘zi Toshkentni avtomashinada aylanib, haydovchilarning tartibsiz harakatiga guvoh bo‘lganini aytdi. Bu haqda u 6 iyun kuni yer usti halqa metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi bilan tanishish jarayonida ma’lum qildi, deyiladi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida.

«O‘tgan kuni (shanba, 4 iyunga to‘g‘ri keladi — tahr.) mashinada bir yarim soat Toshkentni aylandim. Yurib bo‘lmadi. Men o‘zim yurgan katta ko‘chalarda yurib bo‘lmadi. Shunaqa qoidabuzarlik ko‘p, shunaqa tirbandliklar ko‘p. Xohlagan odam xohlagan narsasini qilib yuribdi. Odam qo‘rqib ham ketdi buni ko‘rib. Mening o‘zim hayron qoldim», — dedi prezident.

Qo‘yliqdan Sergelining «Quruvchilar» massivigacha bo‘lgan 5 ta yangi stansiyadan iborat yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi taqdimotida bu shaxsiy transport vositalaridan foydalanishni qisqartirib, poytaxt ko‘chalarida oqimni kamaytirishga xizmat qilishi aytildi. Shaharga tashrif buyuruvchilar o‘z avtomobillarini qoldirishlari mumkin bo‘lgan metro bekatlarida oltita to‘xtash joyini qurish rejalari ham shunga qaratilgan.

Prezident aprel oyi oxirida Samarqandga tashrifi chog‘ida ko‘chalarni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoat transportiga ustuvor ahamiyat berish kerak.