Navoiyda mushukni qiynoqqa solib itlariga talatgan fuqaroga ma’muriy jazo tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Suriishtiruv natijalariga ko‘ra, mazkur voqea 1 iyun kuni Navoiy shahridagi «Hosil bo‘sh» dala hovlilari hududida sodir bo‘lgan.

1995 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan fuqaro M.N daydi mushuklarni ushlab kelib, o‘zining zotdor itlari 2 ta Pitbull zotli itga qastdan talatib, uni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

«Mehr va Oqibat» nodavlat notijorat tashkiloti mazkur TikTok foydalanuvchisining harakatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, ushbu tarmoq foydalanuvchisini javobgarlikka tortishni so‘radi.

Ushbu harakatalari orqali fuqaro MJtKning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish — BHMning 5−10 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq) va 189−1-moddasi (Zo‘ravonlikni yoki shavqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash va tarqatish — BHMning 50−400 baravarigacha jarima) bo‘yicha jinoyat sodir etgani ma’lum qilindi.

Fuqaro M.N.ning harakatlariga huquqiy baho berilib, tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.