Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kungi videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy soha obyektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Mutasaddilarga kelgusi yil Investitsiya dasturi mablag‘larining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni o‘rnatishga yo‘naltirish topshirildi.

Bunda yil yakuniga qadar 2107 ta bog‘chada, 1000 ta maktabda, 1071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1 ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatiladi.


Shu bilan birga, 2023 yildan quyidagilarga kamida 25 foiz issiq suv iste’moli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi:

  • savdo-ko‘ngilochar komplekslar, madaniyat va istirohat bog‘lari, restoranlar, mehmonxonalar;
  • supermarketlar, do‘konlar, bozorlar, savdo omborlari;
  • avtomobillarga gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari;
  • aeroport, temir yo‘l va avtobus vokzallari;
  • xususiy ta’lim va tibbiyot tashkilotlari;
  • tijorat banklari va ularning filiallari.

Avvalroq, mazkur yig‘ilishda prezident muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ma’lum qilgani haqida yozgandik. Unga ko‘ra, quyosh va shamol elektr uskunalarini o‘rnatganlarga 15 mln so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi yoki 3 yilga foizsiz muddatli to‘lov imkoniyati yaratiladi.