Avstriyaning eng yirik banki «UniCredit Bank Austria AG» kompaniyasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalar transferini moliyalashtirish uchun 7,9 million yevro miqdorida «soft-loun» (imtiyozli moliyalashtirish) mablag‘ini ajratdi, deb xabar berdi «Dunyo» AA.

Loyiha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini Avstriyaning «Bauer GmbH» kompaniyasining yomg‘irli sug‘orish uchun innovatsion texnologiyalari bilan jihozlashni nazarda tutadi.

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Venada Avstriyaning «UniCredit Bank Austria AG» kompaniyasiningn tarkibiy savdo va eksportni moliyalashtirish departamenti direktori Marion Kristen hamda tahlil va xalqaro hamkorlik departamenti direktori Raynxard Posh bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda ilgari Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Avstriya tomoni o‘rtasida imzolangan loyiha shartlari haqida fikr almashildi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasini innovatsion Avstriya texnologiyalari bilan modernizatsiyalashni moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit liniyasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Qolaversa, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Avstriya hukumatining eksport va investitsiyalarni moliyalashtirish hamda «soft-loun» mablag‘ini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Avstriyaning eng yirik moliya instituti vakillariga O‘zbekistonda bank sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan va xorijiy investitsiyalar uchun jozibador shart-sharoitlar yaratadigan huquqiy muhit haqida ma’lumot berildi. Yig‘ilish ishtirokchilari Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 12 maydagi «2020−2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonining asosiy qoidalari bilan ham tanishtirildi.

Avstriya nazorat banki (OeKB) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar uchun «soft-loun»ning minimal va hatto nol foiz stavkasi bilan taqdim etilgani alohida qayd etildi.

«UniCredit» boshqarma boshlig‘i bank Avstriya kompaniyalari ishtirokida tijorat eksport kreditlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Unda Avstriya tovarlar va xizmatlarining ulushi 50 foizdan oshadi. Ta’kidlanishicha, xalqaro standartlarga muvofiq, «UniCredit» loyiha qiymatining 85 foizini moliyalashtiradi va qolgan 15 foizi import qiluvchining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu moliyaviy vosita xorijiy importchilarga mavjud uzoq muddatli va imtiyozli moliyalashtirish bilan zamonaviy Avstriya innovatsion texnologiyalari va «nou-xau"larini sotib olishga imkon beradi.

Ma’lumot o‘rnida, «UniCredit Bank Austria AG» Avstriyaning eng yirik banki hisoblanadi. Bankning asosiy faoliyati investitsiyalar, aktivlarni boshqarish, eksport operatsiyalarini moliyalashtirish va kapital bozoriga qaratilgan. Ushbu moliya muassasasi mamlakat bo‘ylab 300 dan ortiq filiallariga ega. Ularda 7700 dan ortiq xodimning bandligi ta’minlangan.

1946 yilda Vena shahrida tashkil etilgan Avstriya nazorat banki eksportni moliyalashtirish va imtiyozli kredit liniyalarini ta’minlash bo‘yicha davlat tuzilmasi hisoblanadi. OeKB aksiyadorlari Avstriyada ro‘yxatdan o‘tgan tijorat banklaridir. Avstriya Moliya vazirligi bilan birgalikda OeKB ijtimoiy loyihalar uchun «soft-loun»ni taqdim etadi. Hozirgi vaqtda bankning umumiy aktivlari 33,4 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.